IIV Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi rahbariyati tomonidan xizmat faoliyatini takomillashtirish va raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi
2026-05-14 18:45:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 12-may kuni Ichki ishlar vazirligi Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligida qoʻmondonlik mansabdor shaxslari ishtirokida xizmat faoliyatining ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Mazkur yigʻilishda qoʻshin tizimidagi mavjud vazifalarning samarali ijrosini taʼminlash, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish hamda xizmat faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Yigʻilishda Qoʻshin qoʻmondoni X.A. Batirov ishtirok etib, Ichki ishlar vaziri tomonidan belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Xususan, soha faoliyatini raqamlashtirish, xizmat jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, boshqaruv tizimini optimallashtirish hamda xizmat samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar bilan yaqindan tanishildi.
Muhokamalar davomida mavjud muammolar va istiqboldagi vazifalar atroflicha koʻrib chiqilib, har bir yoʻnalish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, masʼul mansabdor shaxslarga raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, ijro intizomini mustahkamlash hamda belgilangan vazifalarning natijadorligini taʼminlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Yigʻilish yakunida tizim faoliyatini zamon talablari asosida yanada rivojlantirish, xizmat sifatini oshirish va samarali boshqaruvni yoʻlga qoʻyish ustuvor vazifa ekanligi alohida taʼkidlandi.



