Andijon viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi vazifalar ijrosi oʻrganildi
2026-05-14 17:45:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi -ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari general-mayor Rustam Djurayev tomonidan Andijon viloyatining hududiy ichki ishlar organlarida davlat rahbarining PQ-1 va PQ-2-son qarorlarida belgilangan vazifalar borasida berilgan topshiriqlar ijrosi oʻrganildi.
Xususan, viloyatning Baliqchi, Oltinkoʻl, Andijon, Buloqboshi, Xoʻjaobod va Jalaquduq tumanlarida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, “Chilonzor tajribasi”ni amaliyotga keng joriy etish, xizmat faoliyatini raqamlashtirish, kuch va vositalarni samarali boshqarish hamda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
tuman IIBlarida yaratilgan shart-sharoitlar, navbatchilik qismlari, Qoʻriqlash xizmatlari va situatsion markazlar faoliyati koʻzdan kechirilib, jinoyatchilik profilaktikasini kuchaytirish, kuch va vositalar boshqaruvini raqamlashtirish, aholi gavjum hududlarni kuzatuv kameralari bilan qamrab olish hamda tezkor harakatlanuvchi patrul guruhlari faoliyatini kengaytirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, tuman ichki ishlar boʻlimlari rahbarlarining joriy yilning oʻtgan toʻrt oyi davomidagi faoliyati natijalari boʻyicha hisobotlari eshitildi. Kiberjinoyatlarning oldini olish, sunʼiy intellekt asosidagi zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Departament boshligʻi tomonidan xodimlarning jismoniy va jangovar tayyorgarligini mustahkamlash, ichki ishlar organlari obyektlarini rekonstruksiya qilish, kinologiya xizmati faoliyatini rivojlantirish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Buloqboshi tumanida xizmat safari davomida tuman IIB uchun qurilayotgan yangi maʼmuriy bino qurilishi jarayonlari bilan tanishildi.
Xoʻjaobod tumanida esa “Doʻstlik” chegara bojxona posti faoliyati oʻrganildi. Shuningdek, general-mayor Rustam Djurayev xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan YHXB xodimi Elyorbek Sobirovning oilasi holidan xabar olib, yaqinlari bilan suhbatlashdi.
Xizmat safari yakunida masʼul rahbarlarga huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish, jamoat xavfsizligini taʼminlashning zamonaviy mexanizmlarini keng joriy etish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
IIV JXD Axborot xizmati





