IIV rahbariyati tomonidan Karmana va Nurota tumanlari hamda Gʻozgʻon va Navoiy shahrida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda xodimlarning xizmat va yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar oʻrganildi
2026-05-14 12:40:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari hamda Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Navoiy shahri, Karmana va Nurota tumanlari hamda Gʻozgʻon shahrida kriminogen vaziyat, mahalla yettiligi faoliyati, profilaktika ishlari va xodimlarning ijtimoiy himoyasi oʻrganildi.
Navoiy shahridagi “Kimyogar” MFYda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash hamda Prezidentning PQ–1 va PQ–2-son qarorlari ijrosi tahlil qilinib, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish boʻyicha zarur topshiriqlar berildi. Navoiy shahar IIBda hududdagi kriminogen vaziyat, profilaktika ishlari va inspektor-psixologlar faoliyati yuzasidan taqdimotlar tinglandi. Shuningdek, bozor va aholi gavjum joylarini kuzatuv kameralari hamda tashvish tugmalari bilan jihozlash masalalariga eʼtibor qaratildi.
Karmana tumanidagi “Yangi ariq” mahallasida mahalla yettiligi faoliyati, jinoyatchilik ahvoli va mavjud muammolar muhokama qilinib, targʻibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi. Tumandagi markaziy “Dehqon” bozori hamda Milliy gvardiyaning otliq otryadlari faoliyati ham oʻrganildi.
Nurota tumanidagi “Gʻofur Gʻulom” va Gʻozgʻon shahridagi “Shayxon” mahallasida xavfsiz muhit yaratish, profilaktika samaradorligini oshirish hamda aholi bilan muloqotni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. “Marmarobod” zavodida aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlar bilan tanishildi.
Oʻrganishlar davomida profilaktika inspektorlarining xizmat va yashash sharoitlariga ham alohida eʼtibor qaratilib, katta leytenant Bobirjon Toʻrayevning xizmat uyi koʻzdan kechirildi. Yakunda xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizim samaradorligini oshirishdagi muhim omil ekani taʼkidlandi.


