Ichki ishlar vaziri boshchiligida ommaviy va bayram tadbirlarida jamoat xavfsizlikni taʼminlash yoʻnalishida belgilangan vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi
2026-05-14 12:45:00 / Yangiliklar

Mamlakatmiz miqyosidagi barcha ommaviy va bayram tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etilishi jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida zaruriy choralarini koʻrishni talab etadi. Bu borada ichki ishlar vazirligi tizimi oldiga koʻplab vazifalar belgilab berilgan.
Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov barcha sohaviy hamda hududiy tuzilmalar rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan yigʻilishda oldimizda turgan “Soʻngi qoʻngʻiroq” munosabati bilan oʻtkaziladigan tadbirlarni havfsiz va bayramona kayfiyatda oʻtkazilishiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha vazifalar ijrosini oʻrgandi.
Maktablarda oʻquvchilar bilan alohida tushuntirish ishlarini olib borish, taʼlim muassasalari atrofida harakat xavfsizligini taʼminlash, ayniqsa oʻquvchilarning haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlmasdan turib avtomashina boshqaruviga kirishishlarini oldini olish boʻyicha nazorat-profilaktik tadbirlarini hozirdan tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda shuningdek, yaqinlashib kelayotgan muborak Qurbon hayitini oʻtkazishda jamoat xavfsizligini taʼminlash, masjidlar atrofida aholi uchun zaruriy va qulay sharoitlarni yaratish, bayram kuni shodiyonalar nishonlanadigan jamoat joylari va koʻngilochar maskanlarda saf boʻlinmalari naryadlari sonini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shu bilan birga, yozgi taʼtil vaqtida bolalarni oromgohlarda xavfsiz sharoitda dam olishlarini yoʻlga qoʻyish, ularni transport vositalarida patrullik kuzatuvi asosida harakatlanishlarini taʼminlash va inspektor psixologlarni oromgohlarga biriktirish boʻyicha vazifalar va rejalar muhokama qilindi.
Kun tartibidagi yana bir masala obyekt va xonadonlarni qoʻriqlovga olish borasida belgilangan vazifalar ijrosi hamda ushbu faoliyat samaradorligini oshirish yuzasidan masʼullarning hisobotlari tinglanib, jarayonlarni jadallashtirish, sohaga tatbiq etilayotgan sunʼiy intellekt texnologiyalarini yanada takomillashtirish vazifalari belgilab olindi.



