IIV rahbariyati Toshkent viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash va xizmat intizomi choralari oʻrganildi
2026-05-13 14:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi tizimida jamoat xavfsizligini taʼminlash, xizmat intizomini mustahkamlash hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida hududlarda amaliy oʻrganish va nazorat tadbirlari izchil davom etmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining Komplayens va Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha oʻrinbosari polkovnik, Rustam Ravshanovich Mirzayev boshchiligida Toshkent viloyatining Boʻka tumani hamda Bekobod shahar va tumanlari hududida oʻrganish ishlari olib borildi.
Jarayonda, xodimlarga biriktirilgan xizmat uylari, yashash sharoiti va dam olish muhiti koʻzdan kechirilib, mavjud shart-sharoitlarni yanada yaxshilash boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek hududdagi nazorat postlarida jamoat xavfsizligini taʼminlash darajasi, transport vositalari harakatini tartibga solish, navbatchilik xizmatini tashkil etilishi hamda tezkor xizmatlar faoliyatining samaradorligi atroflicha tahlil qilindi.
Respublika ishchi guruhi tomonidan xodimlarning xizmat intizomi, masʼuliyati va fuqarolar bilan muloqotda muomala madaniyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Tashrif davomida korrupsiyaga qarshi kurashish, xizmat faoliyatida shaffoflikni taʼminlash, murojaatlarni oʻz vaqtida va sifatli koʻrib chiqish hamda profilaktik ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati






