MDH ishtirokchi-davlatlar ichki ishlar vazirliklarining jinoyatchilikka qarshi kurashish tuzilmalari rahbarlarining navbatdagi yigʻilishi boʻyicha axborot
2026-05-13 15:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 13-may kuni Toshkentda MDH ishtirokchi-davlatlar ichki ishlar vazirliklarining jinoyatchilikka qarshi kurashish tuzilmalari rahbarlarining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda Ozarbayjon, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston ichki ishlar vazirliklari hamda MDH hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish Byurosi delegatsiyalari ishtirok etdi.
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mintaqada narkojinoyatchilikka qarshi kurashish, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish hamda transmilliy jinoiy tarmoqlar faoliyatini bartaraf etishga qaratilgan tashabbus va takliflarni yuksak baholadilar.
Shuningdek, mazkur tashabbuslar mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasida amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda axborot almashinuvi mexanizmlarini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Yigʻilish kun tartibiga koʻra xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash jarayonida hamkorlikni yanada rivojlantirish, Hamdoʻstlik davlatlarida giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasi sohasidagi yangi tahdidlar va xavf-xatarlarni oldini olish, giyohvand moddalar tarqatiladigan mintaqaviy onlayn-marketpleyslar va boshqa internet-resurslarga qarshi muvofiqlashtirilgan kurashni rivojlantirish, narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasidagi ilgʻor tajriba va innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etish, mutaxassislar oʻrtasida amaliy tajriba almashinuvi hamda sohaga oid boshqa masalalar muhokama qilindi.
Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro maydonda oʻsib borayotgan beqarorlik va notinchlikni hisobga olgan holda, ichki ishlar vazirliklari yoʻnalishi boʻyicha hamkorlikni yanada faollashtirishga oid masalalar borasida oʻzaro fikr almashdilar.
Tadbir soʻngida, kelishuvlarni mustahkamlash maqsadida yigʻilish bayonnomasi imzolandi.
Ishtirokchilarning fikriga koʻra, tadbir konstruktiv ruhda, doʻstlik, oʻzaro ishonch muhitida oʻtgani, davlatlar oʻrtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.









