Istiqbolli hamkorlik. Xavfsizlik va ochiqlik: davr nafasi
2026-05-13 23:00:00 / Yangiliklar

Toshkent — mamlakatimiz poytaxtigina emas, hayot surʼati bir lahza ham toʻxtamaydigan yirik megapolis. Azim shahar osoyishtaligini taʼminlashga ichki ishlar organlari, xususan, zamon bilan hamnafas odimlayotgan, hushyorlik va sadoqatni shior qilgan qoʻriqlash xizmati xodimlarining hissasi beqiyos.
Toshkent shahar IIBB huzuridagi Qoʻriqlash boshqarmasida tashkil etilgan press-tur amalga oshirilgan ishlarni tahliliy koʻzdan kechirgan, yutuq va kamchiliklarni xolis muhokama qilgan ochiq muloqot maydoniga aylandi.
Press-tur davomida sohada amalga oshirilgan islohotlar, erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalar haqida atroflicha soʻz bordi.
Jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlariga zamonaviy axborot texnologiyalari hamda intellektual qoʻriqlash tizimlarining afzalliklari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Sohaviy xizmatga aynan innovatsion texnologiyalarning izchil joriy etilishi natijasida qoʻriqlovdagi obyektlarda xavfsizlik darajasi sezilarli darajada oshgani alohida qayd etildi.
Shundan soʻng IIV huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi. Unda ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan muhim natijalar va galdagi ustuvor vazifalar muhokama markazida boʻldi.
Yigʻilishda mahallalarda xavfsiz muhitni qaror toptirish, jamoat tartibini mustahkamlash hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi manzilli chora-tadbirlar kuchaytirilgani ijobiy baholandi.
Taʼkidlanganidek, “Poytaxt namunasi” asosida joriy etilgan uch bosqichli xizmat tartibi amaliyotda oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Ichki ishlar organlari, prokuratura, milliy gvardiya va boshqa hamkor tuzilmalar bilan oʻzaro hamjihatlikda olib borilayotgan ishlar natijasida huquqbuzarliklarning oldi olinishiga erishilmoqda.
Ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash borasida keyingi paytda ijobiy koʻrsatkichlar qayd etilmoqda. Bu tizimning xalqqa yanada yaqinlashgani, axborot almashinuvi va jamoatchilik nazorati uchun katta imkoniyatlar yaratilganining tasdigʻidir.
Vazirlik Axborot xizmati tarkibida tizim nufuzini yuksaltirishga qaratilgan yangi yoʻnalish — Imijmeykerlar guruhi tashkil etildi. Bu, oʻz navbatida, xodimlarning ijobiy qiyofasini shakllantirish, tizim obroʻsini mustahkamlash va jamoatchilik bilan aloqalarni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Yigʻilishda soʻz olgan Jamoatchilik kengashi raisining oʻrinbosari, general-polkovnik Zokirjon Almatov jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda targʻibot ishlarini maktabdan boshlash zarurligini alohida taʼkidladi: Taʼlim tizimi mutasaddilari muhim bir masalani koʻrib chiqishlarini istardim: maktablarda kriminologiya asoslarini oʻqitishni yoʻlga qoʻyish lozim. Negaki, jinoyatchilik va uning oqibatlari borasida yoshligidan bilim va tushunchaga ega boʻlgan oʻgʻil-qizlar oʻz kelajagi haqida qaygʻuradigan boʻladi.
Biz farzandlarimizga nafaqat ilm-fan alifbosini, balki “hayot alifbosi”ni — oqni qoradan ajratish ilmini ham oʻrgatishimiz shart. Zero, jinoyatning oqibati bilan kurashishdan koʻra, uning zararini bolalikdan ongga singdirish muhim.
Xulosa qilib aytganda, mazkur press-tur hamda samimiy muloqot ruhidagi yigʻilish ichki ishlar organlari va jamoatchilik oʻrtasidagi “ishonch koʻprigi”ni yanada mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi.
Bu kabi tashabbuslar poytaxtimiz osoyishtaligini taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish va xavfsiz jamiyat barpo etishda muhim poydevor boʻlib qoladi.
©️ “Postda” gazetasi, Abror Poyonov, katta mutaxassis-muxbir, katta serjant.
