Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlar ichki ishlar vazirliklarining jinoyatchilikka qarshi kurashish tuzilmalari rahbarlarining yigʻilishi Toshkent shahrida oʻz ishini boshladi
2026-05-13 12:00:00 / Yangiliklar

Bugun 13-may kuni mamlakatimiz barqaror xavfsizlikni taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida mintaqa davlatlarini yana bir bor yagona maqsad yoʻlida birlashtirdi.
Hamdoʻstlik davlatlar ichki ishlar vazirliklarining jinoyatchilikka qarshi kurashish tuzilmalari rahbarlarining navbatdagi yigʻilishi poytaxtimizda tashkil etildi.
Tadbirda ishtirok etgan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpoʻlatov hamkor mamlakatlar hamda MDH hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish Byurosi delegatsiyalari vakillariga tashrif uchun minnatdorchilik bildirdi.
Taʼkidlab oʻtildiki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining saʼy-harakatlari bilan mintaqa hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish ayniqsa, narkotahdidlarni bartaraf etish yoʻnalishida yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda. Ushbu tadbir ham yaqinda Samarqandda oʻtkazilgan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi global forumning mantiqiy davomi boʻlib xizmat qilishi bilan alohida ahamiyatga ega.
Soʻnggi yillarda MDH mamlakatlarining ichki ishlar vazirliklari oʻrtasidagi oʻzaro hamjihatlikni yanada mustahkamlash, axborot almashinuvi, xalqaro darajadagi tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishdagi uzviy hamkorlik oʻz samarasini berayotganligi eʼtirof etildi.
Ayniqsa, xalqaro miqyosdagi jinoyatchilik, giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasi, transmilliy uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qoʻyish maqsadida bir qator ijobiy natijalarga erishilayotgani, mintaqadagi har bir davlat hududida barqaror osudalikni taʼminlashga asos boʻlayotganligi misollar bilan keltirib oʻtildi.
Tadbirda kelgusidagi muhim loyihalarni amalga oshirishda doimiy hamkorlikni yanada mustahkam davom ettirish boʻyicha fikrlar bildirildi.
Yigʻilish doirasida transmilliy uyushgan jinoyatchilik, jumladan narkojinoyatlarga qarshi kurashish hamda xavfsizlikka oid boshqa dolzarb masalalar yuzasidan qizgʻin muhokamalar boʻlib oʻtishi kutilmoqda.



