Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari rahbarligidagi ishchi guruhning Navoiy viloyatidagi oʻrganishlari Qiziltepa tumanida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini koʻzdan kechirish bilan boshlandi
2026-05-13 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari — Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻi, polkovnik Diyorbek Sattarov rahbarligidagi Vazirlik ishchi guruhi Navoiy viloyatida boʻlib turibdi.
Dastlab, ishchi guruh Qiziltepa tumanida tezkor-profilaktik vaziyat va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlarning amaldagi holati bilan yaqindan tanishdi.
Shundan soʻng, tuman IIB boshligʻining hududdagi kriminogen holat tahliliga bagʻishlangan taqdimoti tinglandi. Fuqarolar murojaatlarini oʻrganish va yoʻl-transport hodisalarining oldini olishda amalga oshirilgan ishlar hamda natijalar muhokama etilib, zarur yoʻl-yoʻriq va koʻrsatmalar berildi.
“Oʻzbekiston” mahalla fuqarolar yigʻinida oʻrganishlar davom ettirildi. Unda mahalla yettiligi bilan uchrashuv oʻtkazilib, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha olib borilgan profilaktik ishlar yuzasidan suhbatlashildi.
Mahalla faollari va nuroniylar bilan uchrashuvda esa oila turmush doirasidagi muammolarni hal etishda masʼullar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Shundan soʻng, tumanda faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyurilib, aholi bandligini taʼminlashda koʻrilgan chora-tadbirlar, ishchilar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari, ishlab chiqarish jarayonlari hamda xavfsizlik talablariga rioya etilishi oʻrganildi.
Jarayonda mazkur korxonalarda faoliyat yuritayotgan, probatsiya nazoratida turuvchi fuqarolar bilan ham uchrashuv oʻtkazilib, yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish, jinoyat va huquqbuzarlik yoʻliga kirmaslik borasida suhbatlashildi.
Ishchi guruh oʻrganishlari viloyatimiz boʻylab davom etmoqda.
Navoiy viloyati IIB axborot xizmati







