IIV Akademiyasi rahbariyati tomonidan “Poytaxt namunasi” asosida xavfsiz muhitni shakllantirish ishlari tahlil qilindi
2026-05-13 09:00:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan qarori kriminogen vaziyat bilan bogʻliq dolzarb masalalarni manzilli hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qarorda jinoyatchilik omillarini ilmiy yondashuvlar asosida oʻrganish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish, aholi bilan manzilli ishlash borasida ustuvor vazifalar belgilangan.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida mazkur qaror ijrosiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda akademiya rahbariyati, fakultet va kafedralar boshliqlari, hududlarga biriktirilgan ishchi guruhlar vakillari hamda magistratura tinglovchilari ishtirok etdi.
Yigʻilishni taʼlim muassasasi rahbari Rustam Xatamov olib borib, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qildi.
Qayd etilganidek, qaror ijrosini taʼminlash maqsadida tajribali professor-oʻqituvchilar soʻnggi uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan mahallalarga biriktirildi.
Jinoyatchilik omillari joylarga chiqilgan holda oʻrganilib, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Kompleks chora-tadbirlar natijasida 48 ta mahalla “yashil”, 24 ta mahalla “sariq” toifaga oʻtkazildi, 37 ta mahallada jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Shu kuni poytaxtimizda xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Ayni masala yuzasidan tumanlarga jalb qilingan magistratura tinglovchilarining axboroti tinglandi.
Akademiya boshligʻi belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini jadallashtirish zarurligini qayd etib, jinoyatchilikni kriminologik prognozlash, muammolarning yechimlari boʻyicha samarali mexanizmlarni yaratish, hududlarga ilgʻor tajribalarni joriy qilish yuzasidan topshiriq berdi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan yigʻilishda mahallalarda jinoyatchilikni keskin kamaytirish, profilaktik ishlarni kuchaytirish, aholi kayfiyatini muntazam oʻrganib borish, muammolarni oʻz vaqtida hal etish choralarini koʻrish, “yoʻl xarita”lar ijrosini sifatli taʼminlash hamda boshqa yoʻnalishlarda muhim vazifalar belgilab olinib, ijroga qaratildi.
“Poytaxt namunasi” asosida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar amaliy natijasini koʻrsatishi uchun har bir mahalla, hududda osoyishta muhitni qaror toptirish, bu orqali aholining ichki ishlar organlariga boʻlgan ishonchini yanada oshirish zarurligi taʼkidlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati






