IIV rahbariyati tomonidan Xorazm viloyati transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash xizmati xodimlarining xizmat faoliyati koʻzdan kechirildi
2026-05-13 09:00:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyatida transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan xizmat faoliyati oʻrganildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzarahimov tomonidan sohada xizmat olib borayotgan xodimlarning kundalik faoliyati koʻzdan kechirildi.
Tashrif davomida viloyat hududidagi transport infratuzilmalari, temir yoʻl vokzallari, avtotransport bekatlari hamda turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini taʼminlash, fuqarolar va sayyohlar uchun xavfsiz muhit yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, xizmat olib borayotgan xodimlarning xizmat intizomi, aholi bilan muloqot madaniyati, tezkorlik va profilaktik tadbirlarni samarali tashkil etish darajasi tahlil qilindi.
General-mayor Baxodir Mirzarahimov tomonidan xizmat samaradorligini yanada oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish hamda sayyohlar xavfsizligini taʼminlash borasida tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berildi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish, ichki va xorijiy sayyohlar uchun qulay hamda xavfsiz sharoit yaratish davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bois transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash xizmati xodimlari zimmasiga yuklatilgan masʼuliyat yanada ortib bormoqda.
Tadbir yakunida xizmat davomida faollik koʻrsatayotgan bir qator xodimlarga minnatdorlik bildirilib, kelgusidagi vazifalar yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi



