Buxoro viloyati Vobkent va Kogon tumanlarida xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari yangi xonadonli boʻlishdi
2026-05-12 21:45:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish, profilaktika inspektorlariga munosib xizmat va yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan topshiriqlari ijrosi doirasida Buxoro viloyatida navbatdagi uy-joylar topshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2906-son qarori asosida Vobkent tumani “Kosari” mahalla fuqarolar yigʻinida faoliyat olib borayotgan profilaktika inspektoriga xizmat uyi foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, Kogon tumani “Oʻzbekiston” mahalla fuqarolar yigʻinida faoliyat yuritayotgan profilaktika katta inspektori Shodiyev Umid Faxriyevichga ikki xonali, arzonlashtirilgan qiymatdagi uy tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Diyorbek Sattorov, viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Ikromjon Tursunov, tuman hokimliklari masʼullari, mahalla faollari hamda ichki ishlar organlari faxriylari ishtirok etdilar.
Vobkent tumani “Kosari” MFY profilaktika inspektori, mayor Nusrat Haqberdiyev ichki ishlar organlarida qariyb 16 yildan buyon samarali xizmat qilib kelmoqda. U xizmat olib borayotgan hududda bugungi kunda 1089 ta xonadon va 4 ming 600 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Oilali, uch nafar farzandning otasi boʻlgan xodim uchun yangi xizmat uyi aholiga yanada yaqin boʻlib ishlash imkonini yaratadi.
Kogon tumani “Oʻzbekiston” MFY profilaktika katta inspektori Shodiyev Umid Faxriyevich esa 15 yildan buyon ichki ishlar organlari tizimida fidokorona xizmat qilib kelmoqda. Oilasida uch nafar farzand voyaga yetmoqda, turmush oʻrtogʻi umumtaʼlim maktabida oʻqituvchi sifatida faoliyat yuritadi.
Bugun ushbu uy-joylar Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari tomonidan tantanali ravishda egalariga topshirildi. Tadbir davomida ichki ishlar organlari xodimlari uchun yaratilayotgan sharoitlar ularning xizmat samaradorligini oshirish, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashda muhim omil boʻlayotgani alohida taʼkidlandi.



