Yoshlar — yurt kelajagi. Tarbiya taqani toʻgʻrilaydi
2026-05-12 07:55:00 / Yangiliklar

Qumqoʻrgʻon tumanida ichki ishlar organlari hamda taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi yoshlar bilan ishlash tizimini yaxshilamoqda. Hamkorlik doirasida yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni turli salbiy taʼsirlardan asrash, muammoli holatlarni erta aniqlash va bartaraf etish imkoniyatlari kengaymoqda.
Tuman IIB Voyaga yetmaganlar boʻyicha katta inspektor-psixologi, katta leytenant Sirojiddin Qudratov hududdagi voyaga yetmaganlar bilan individual ishlash, ularning muammolarini aniqlash va bartaraf etishda «oila, maktab va mahalla» tamoyili asosida ish olib bormoqda.
Oʻtgan chorakda 5 nafar oʻspirinning ota-onasi tomonidan qonuniy vasiy va homiy tayinlamasdan qarovsiz va nazoratsiz qoldirilgani sababli ularning sababsiz darslarga qatnashmasdan bemaqsad yurganligi inspektor-psixolog tomonidan aniqlandi. Shuningdek, Angor va Muzrabot tumanlaridan kelgan 2 nafar voyaga yetmagan shaxs nazoratsiz qolgani bois viloyat Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirildi.
Bundan tashqari inspektor-psixolog S.Qudratov tashabbusi bilan maktablarda kitobxonlik tanlovlari ham oʻtkazilib kelinmoqda. Ushbu tanlov tufayli ishtirokchilar oʻqigan asarlari yuzasidan oʻzaro fikr almashib, tahlil qilish va xulosa chiqarish imkoniyatiga ega boʻlishmoqda. Bu esa ularning nutq madaniyati va tahliliy fikrlash koʻnikmalarini mustahkamlamoqda.
Inspektor-psixologning tashabbusi bilan tumanda 20 dan ortiq maktablar oʻrtasida oʻtkazilgan voleybol musobaqasi esa yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, jismoniy sogʻlomlikni mustahkamlash va jamoaviylik ruhini shakllantirishda asqatmoqda. Ayniqsa, sport orqali yoshlar oʻrtasida doʻstlik, oʻzaro hurmat va sogʻlom raqobat muhiti kuchayayotgani quvonarli.
Feruza RAHMONQULOVA, oʻz muxbirimiz.
Surxondaryo viloyati.
