Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Diyorbek Sattarov ishtirokida sayyor qabul oʻtkazildi
2026-05-12 07:15:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, xalq bilan muloqot qilish hamda aholi muammolarini bevosita joylarga chiqqan holda oʻrganish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Ushbu ezgu maqsadlar yoʻlida joriy yilning 10-may kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi binosida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻi polkovnik Diyorbek Sattarov rahbarligida fuqarolar uchun sayyor qabul tashkil etildi.
Ochiq muloqot va samimiy ruhida kechgan uchrashuvda 40 dan ziyod fuqarolarning turli masalalardagi murojaatlari tinglandi. Kelib tushgan murojaatlar doirasi xilma-xil boʻlib, ular asosan ichki ishlar organlari xizmatiga ishga qabul qilish va ishga tiklash, dastlabki tergov hamda surishtiruv jarayonlari, shuningdek, ijtimoiy yordam koʻrsatish masalalarini oʻz ichiga oldi. Eʼtiborli jihati shundaki, murojaatchilar orasida tizim faoliyatidan mamnun boʻlib, oʻzining alohida minnatdorchiligini bildirgan fuqarolar ham ishtirok etdi.
Har bir inson taqdiriga alohida eʼtibor qaratilgan mazkur qabul davomida 15 ga yaqin murojaat shu joyning oʻzida ijobiy yechimini topdi. Qoʻshimcha muddat va chuqur oʻrganishni talab qiluvchi masalalar yuzasidan tegishli sohaviy xizmat rahbarlariga aniq koʻrsatmalar berilib, ularning qonuniy va ijobiy hal etilishi vazirlik hamda boshqarma rahbariyati tomonidan qatʼiy nazoratga olindi.
Tadbirning ahamiyatli voqealaridan yana biri yoshlar hayoti bilan bogʻliq boʻldi. Sayyor qabul doirasida fuqarolik pasporti olish yoshiga yetgan 10 ga yaqin yigit-qizga ilk pasportlar rahbariyat tomonidan tantanali ravishda topshirildi. Bu hayotiy qadam yoshlarning qalbida vatanparvarlik tuygʻularini yanada joʻsh urdirishiga va jamiyatda oʻz munosib oʻrnini topishiga xizmat qiladi.
Bu kabi xalqchil tashabbuslar va bevosita muloqotlar fuqarolarning davlat idoralariga boʻlgan ishonchini mustahkamlash, ularning ogʻirini yengil qilish hamda huquq-tartibot idoralari va xalq oʻrtasidagi uzviy aloqani yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.









