Ichki ishlar vazirligi rahbariyati raisligida tanqidiy-tahliliy sarhisob yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-05-11 22:10:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti va uning quyi boʻlinmalari barcha shaxsiy tarkibi ishtirokida 2026-yilning oʻtgan davrida tergov sifati, tergov va surishtiruv faoliyatini tashkil etishda amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, xizmat va ijro intizomiga rioya qilish holatlari, tergov boʻlinmalarini moddiy-texnik jihatdan taʼminlash, xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar hamda kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar muhokamasi yuzasidan videokonferensaloqa tizimi orqali tanqidiy yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik Ramazon Ashropov raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda respublika ichki ishlar organlari tergov boʻlinmalarining barcha shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.
Vazir oʻrinbosari polkovnik Ramazon Ashropov tahlillarga toʻxtalib, oʻtgan davrda tergov qilingan jinoyat ishlari, jinoyat ishlarini tamomlash ahvoli, jinoyatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zararning undirilishi, ayblanuvchilarga nisbatan toʻgʻri va asosli ehtiyot choralarini tanlanishi va shu kabi boshqa barcha yoʻnalishlarni atroflicha muhokama qildi.
Yigʻilish davomida oʻtgan davrda erishilgan ijobiy natijalar, Tergov departamenti va uning quyi boʻlinmalarining koʻrsatkichlari, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlarga toʻxtalib oʻtishi bilan bir qatorda, ayrim xodimlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, murojaatlar bilan ishlash va boshqa yoʻnalishlarni muhokama qilib, kamchiliklarni oldini olish, tergov sifatini oshirish yuzasidan hududiy tergov boshqarmalari boshliqlariga aniq muddatlari belgilangan manzilli topshiriqlar berdi.
Shu bilan birga, bugungi kunda tergov boʻlinmalari xodimlari oldiga qoʻyilayotgan talablarga mos ravishda masʼuliyatni yanada kuchaytirish hamda kadrlarni bilim saviyasini oshirish hamda xizmat va ijrochilik intizomiga rioya etishga qaratilgan qator vazifalarni belgilab berdi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti




