IIV rahbariyati tomonidan Qorovulbozor tumani, Kogon shahri va Kogon tumanidagi “Navbahor”, “Mirzo Ulugʻbek” hamda “Oʻzbekiston” mahallalari “yettiligi” hamda hududiy IIB xodimlarining kundalik ish faoliyatlari oʻrganildi
2026-05-11 22:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari polkovnik Diyorbek Sattarov tomonidan Buxoro viloyatidagi bir qator obyektlar hamda hududiy ichki ishlar organlari faoliyati oʻrganildi.
Dastlab Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tibbiyot boʻlimi gospitalining Toʻdakoʻl reabilitatsiya boʻlinmasi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Reabilitatsiya markazida yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy tibbiy jihozlar va bemorlar uchun tashkil etilgan qulayliklar koʻzdan kechirildi. Shuningdek, davolash, tiklash va profilaktika ishlarining samaradorligi hamda mutaxassislar tomonidan koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati oʻrganildi.
Navbatdagi oʻrganishlar Qorovulbozor tumanida davom ettirildi. “Navbahor” mahallasida mahalla yettiligi bilan ijtimoiy profilaktika tizimi yuzasidan suhbat oʻtkazilib, fuqarolarning ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etish va hudud xavfsizligini taʼminlash boʻyicha hamkorlikdagi vazifalar belgilab berildi. Mahallada jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar ijobiy baholangan boʻlsa-da, murojaatlar hisobi, ijtimoiy profilaktika tizimi va ayrim elektron bazalarni yuritishda kamchiliklar mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.
Shuningdek, Qorovulbozor tumani Ichki ishlar boʻlimi maʼmuriy binosi koʻzdan kechirilib, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar oʻrganildi. Yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, harakat xavfsizligini taʼminlash hamda xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etish borasidagi ishlar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Kogon shahridagi “Mirzo Ulugʻbek” mahallasida ham mahalla yettiligi faoliyati va ijtimoiy profilaktika tizimi muhokama qilindi. Hududdagi koʻp qavatli uylar atrofini obodonlashtirish, tungi vaqtlarda avtomashinalarni qarovsiz qoldirmaslik hamda videokuzatuv tizimlarini kengaytirish boʻyicha masʼullarga koʻrsatmalar berildi.
Shundan soʻng, Kogon shahar Ichki ishlar boʻlimi faoliyati oʻrganilib, murojaatlar bilan ishlash tizimini yanada kuchaytirish, jinoyat alomatlari mavjud holatlarda tezkor-tergov guruhlarining zudlik bilan voqea joyiga chiqishini taʼminlash boʻyicha aniq vazifalar belgilandi. Shu bilan birga, maʼmuriy binoda xodimlarning vatanparvarlik ruhini oshirish maqsadida, jadid namoyandalari burchagini tashkil etish choralari belgilab berildi.
Tashrif davomida, Kogon tumanidagi “Oʻzbekiston” mahallasida ham mahalla yettiligi faoliyati va hududdagi ijtimoiy muhit oʻrganildi. Ogʻir toifadagi yoshlar va nizoli oilalar bilan ishlash tizimi tahlil qilinib, profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tuman Ichki ishlar boʻlimi faoliyati oʻrganilib, tungi xizmatni samarali tashkil etish, profilaktika inspektorlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, savdo obyektlaridagi videokuzatuv kameralarini qayta xatlovdan oʻtkazish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilab berildi.









