IIV rahbariyati tomonidan Urganch shahridagi “Istiqlol” va “Navbahor” mahallalari «yettiligi« hamda Urganch shahar IIB xodimlarining kundalik ish faoliyatlari oʻrganildi
2026-05-10 20:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Yuldoshevich Mirzaraximov tomonidan Xorazm viloyati Urganch shahrida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda tezkor-tergov xizmatlari faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan amaliy oʻrganish ishlari olib borildi.
Tashrif doirasida Urganch shahridagi “Istiqlol” hamda “Navbahor” mahallalarida amalga oshirilayotgan profilaktik ishlar, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi, yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash holati atroflicha koʻrib chiqildi. Shuningdek, mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy muhit barqarorligini taʼminlash va fuqarolar xavfsizligini kuchaytirish borasida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Oʻrganishlar jarayonida mahallada faoliyat yuritayotgan “mahalla yettiligi” tizimi ishiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, mahalla raisi, profilaktika inspektori, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi, ijtimoiy xodim hamda soliq inspektori oʻzaro hamkorlikda aholining muammolarini hal etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Urganch shahri Tergov-tezkor guruhining xizmat faoliyati ham oʻrganilib, jinoyatlarni “issiq izidan” ochish, dalillarni sifatli yigʻish, fuqarolar murojaatlariga tezkor munosabat bildirish hamda xizmat intizomini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
General mayor Baxodir Mirzaraximov tomonidan mutasaddilarga aholi bilan yaqin muloqot qilish, har bir murojaatga masʼuliyat bilan yondashish, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash borasida aniq vazifa va topshiriqlar berildi.
Taʼkidlanganidek, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida sektorlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda mahalla yettiligi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish orqali jamiyatda qonuniylik va barqarorlikni taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi





