IIV rahbariyatining Buxoro viloyatiga amaliy tashrifi doirasida Patrul-post xizmatiga yangi maxsus xizmat transport vositalari tantanali ravishda topshirildi
2026-05-10 12:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari — Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻi, polkovnik Diyorbek Sattarovning Buxoro viloyatiga amaliy tashrifi doirasida hududda jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolar xavfsizligini kafolatlashga qaratilgan qator muhim tadbirlar boʻlib oʻtdi.
Tashrif davomida Buxoro viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Patrul-post xizmati boshqarmasiga yangi maxsus xizmat transport vositalarini tantanali ravishda topshirish marosimi oʻtkazildi.
Ushbu zamonaviy texnikalar shaxsiy tarkibning xizmat davomidagi tezkorligini oshirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda aholi chaqiruvlariga zudlik bilan yetib borishini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Shuningdek, Buxoro shahri koʻchalarida tungi xizmatga jalb qilingan hamda mahallalarga biriktirilgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun maxsus yoʻriqnoma oʻtkazildi.
Jarayonda davlatimiz rahbarining PQ-1 va PQ-2 sonli qarorlari ijrosini taʼminlash hamda jinoyatchilikni jilovlashda samara bergan “Chilonzor tajribasi“ asosida ishlarni tashkil etish masalalari chuqur tahlil qilindi. Xodimlarga xavfsiz muhitni yaratish, hududlarni patrul qilish va jinoyatchilik oʻchoqlarini bartaraf etish boʻyicha aniq mexanizmlar va vazifalar tushuntirildi.
Tadbir yakunida polkovnik Diyorbek Sattarov shaxsiy tarkibga yuzlanib, bugungi kunda ichki ishlar organlari oldida turgan eng muhim vazifalarga toʻxtalib, “Xalq osoyishtaligini taʼminlash — bizning eng oliy burchimizdir,“ deya alohida taʼkidladi.
Har bir xodim oʻz xizmat vazifasiga vijdonan yondashishi, tun-u kun el-yurt tinchligi va fuqarolar farovonligi yoʻlida sadoqat bilan xizmat qilishi zarurligi qayd etildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









