Biz korrupsiyaga qarshimiz. Halollik bosh mezon
2026-05-10 23:00:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga davlat miqyosida yondashilayotgani, xususan, 2026-yilda bu borada favqulodda choralar koʻrilishi belgilangani bizdan yanada qatʼiyat va fidoyilikni talab etadi.
Oʻtgan yil davomida viloyat ichki ishlar organlarida korrupsiyaning oldini olish maqsadida aniq natijadorlikka qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, 16 ta ichki dastur va “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, ular ijrosini taʼminlash boʻyicha 78 marotaba profilaktik ogohlantiruv yigʻilishlari tashkil etildi.
Shuningdek, xodimlar va ularning oila aʼzolari bilan 62 marotaba ochiq muloqotlar oʻtkazildi.
Targʻibot ishlarini kuchaytirish maqsadida 18 ta maxsus videolavha tayyorlanib, ommaviy axborot vositalari orqali keng namoyish etildi.
Bu orqali nafaqat tizim ichida, balki jamiyatda ham ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuni ochiq tan olish kerakki, amalga oshirilgan tizimli ishlarga qaramay, oʻtgan yili sohada bitta korrupsion holat aniqlangani bizni chuqur mushohada yuritishga undadi.
Ushbu voqea korrupsiyaga qarshi kurashish shunchaki yigʻilish yoki hujjatlardan iborat emasligini, balki har bir xodimning maʼnaviy dunyosi, vijdoni va shaxsiy masʼuliyatiga bogʻliq ekanini yana bir bor isbotladi.
Men oʻz faoliyatimda profilaktika, shaffoflik va halollik tamoyillarini eng ustuvor mezon deb bilaman.
Ishonchim komilki, agar har bir xodim oʻz qasamyodiga va xizmat vazifasiga sadoqat bilan yondashsa, tizimda korrupsiyaga aslo oʻrin qolmaydi.
Zotan, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat — bu shunchaki xizmat talabi emas. Bu — mening qatʼiy hayotiy pozitsiyam va rahbarlik faoliyatimning bosh tamoyilidir.
Shavkat Ibragimov, Xorazm viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik.
