IIV rahbariyati tomonidan Buxoro viloyati hududlaridagi profilaktik vaziyat va xavfsizlik choralari oʻrganildi
2026-05-10 10:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari — Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻi, polkovnik Diyorbek Sattarov xizmat tashrifi doirasida Buxoro viloyatining Olot, Qorakoʻl va Jondor tumanlarida boʻldi.
Tashrif davomida hududlardagi tezkor-profilaktik vaziyat va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlarning amaldagi holati yaqindan oʻrganildi.
Dastlabki manzil Olot tumanining “Usmonshayx“ mahallasi boʻldi. Bu yerda soha masʼullari ishtirokida hududdagi ijtimoiy-kriminogen holat tahliliga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi. Vazir oʻrinbosari davlat rahbarining joriy yil 5-yanvardagi PQ-1 va PQ-2-sonli qarorlari ijrosi doirasida masʼul xodimlar tomonidan xavfsiz muhit yaratish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha qilingan amaliy ishlarni batafsil koʻzdan kechirdi.
Shundan soʻng, oʻrganish ishlari Olot tumani IIB binosida davom etdi. Tuman IIB boshligʻining hududdagi tezkor vaziyat, profilaktik tadbirlar natijadorligi va xodimlar faoliyati yuzasidan hisoboti tinglanib, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish choralari qatʼiy nazoratdan oʻtkazildi. Shuningdek, jinoyatchilik dinamikasi koʻrib chiqilib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar ochiq muhokama etildi.
Navbatdagi manzil Qorakoʻl tumani boʻldi. Tumanning “Doʻstlik“ mahallasida profilaktika inspektorining faoliyati oʻrganilib, elektron baza maʼlumotlari tekshirildi va qilingan ishlar yuzasidan taqdimot namoyish etildi.
Tuman IIBda hududdagi jinoyatchilik tahlili muhokama qilinib, kinologiya xizmati faoliyati hamda vaqtincha saqlash hibsxonasidagi shart-sharoitlar bevosita koʻzdan kechirildi.
Jondor tumanida ham dastlab tuman IIBda jinoyatchilik darajasi tahlil qilindi va Prezident qarorlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi.
Tuman IIB boshligʻining hisoboti tinglangach, masʼullar “Zarafshon“ mahallasiga borib, “mahalla yettiligi“ faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Bu yerda ham qarorlar ijrosi doirasida erishilgan natijalar taqdimoti oʻtkazildi.
Tashrif yakunida barcha masʼullarga hududlardagi mavjud muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish, aholi osoyishtaligini mustahkamlash va galdagi kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar yuzasidan aniq hamda manzilli koʻrsatmalar berildi. Oʻtkazilgan oʻrganish va tahlillar hududlarda jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









