Turkiy davlatlar politsiya akademiyalari yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-05-09 11:30:00 / Yangiliklar

4–6-may kunlari Turkiy davlatlar politsiya akademiyalari platformasi (TÜRKPAP) aʼzolari Boku shahrida yigʻildilar.
Dastlab Turkiya, Vengriya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Ozarbayjon taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirokida Bosh assambleya yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda oʻzaro munosabatlarning bugungi holati, jahonda roʻy berayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, global sharoitda manfaatli aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Soʻzga chiqqanlar xalqaro tuzilma Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida taʼlim integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qilayotganini taʼkidlab, kelgusidagi ustuvor yoʻnalishlarga eʼtibor qaratdi.
Xalqaro tuzilma doirasida koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik yoʻlida umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish, dolzarb muammolarning yechimi boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish, bu borada turkiy davlatlarning ulkan salohiyatidan foydalanish zarurligi qayd etildi. Kun tartibidagi masalalar yuzasidan muhim qarorlar qabul qilinib, oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Shundan soʻng “Politsiya taʼlimida transformatsiya: sunʼiy intellektdan virtual reallikka oʻtishning innovatsion yondashuvlari” mavzusidagi kongress oʻz ishini boshladi. Anjumanda huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlashni takomillashtirish, taʼlim jarayonida raqamli texnologiyalar imkoniyatlarini kengaytirish, ilgʻor tajribalarni amaliyotga joriy qilish yuzasidan fikr almashildi.
Kongressning ikkinchi kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasini Turkiy davlatlar politsiya akademiyalari platformasiga qabul qilishga bagʻishlangan marosim bilan boshlandi. Hujjat imzolash marosimidan soʻng akademiya boshligʻi Rustam Xatamov soʻz olib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar azaliy doʻstlik va qardoshlik ruhi bilan barqaror ravnaq topayotganini eʼtirof etdi. Xalqaro munosabatlarda yangi muhitning shakllanayotgani manfaatli hamkorlikni sifat jihatdan yuqori bosqichga olib chiqishini alohida taʼkidladi.
Anjuman davomida Ozarbayjon, Oʻzbekiston, Vengriya, Turkiya vakillarining “Jinoyatchilikka qarshi kurashishda zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash”, “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar kadrlarini tayyorlashda moslashuvchan taʼlim platformalarini joriy etish”, “Politsiya tizimida sunʼiy intellekt va virtuallashish: kiberjinoyatlarni tergov qilish misolida” hamda boshqa mavzudagi chiqishlari tinglandi. Sohaga oid ilgʻor yondashuv va tajribalar taqdimot qilindi. Shu yerning oʻzida IIV akademiyasi faoliyatiga oid videorolik havola etildi.
Yakunda taʼlimni zamonaviy transformatsiyalar jarayoniga moslashtirish, sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida tajriba almashinuvini kengaytirish, amaliyotga ilgʻor yondashuvlarni joriy qilish, soha uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlash, hamkorlikning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Shundan soʻng nufuzli anjuman ishtirokchilari Ozarbayjon politsiya akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlarga kadrlar tayyorlashdagi innovatsion yangiliklar, raqamli texnologiyalarga oid ilgʻor yechimlar, taʼlim oluvchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar namoyish qilindi.
Aytish joizki, Boku safari chogʻida hamkor taʼlim muassasalari oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham boʻlib oʻtdi. IIV akademiyasi rahbari Rustam Xatamov Turkiya milliy politsiya akademiyasi boshligʻi Murat Balchi, Ozarbayjon politsiya akademiyasi boshligʻi Janpolad Daanov, Lyudovnik nomidagi Vengriya davlat boshqaruvi universiteti Huquqni muhofaza qilish faoliyati fakulteti rahbari Gabor Kovach bilan muloqot qilib, manfaati aloqalarni kengaytirish masalalari boʻyicha fikr almashdi. Tomonlar oʻzlarini qiziqtirgan yoʻnalishlarda muhim kelishuvlarga erishdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati



