Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi tomonidan Qashqadaryo viloyatida xavfsiz muhit yaratish va tergov sifati masalalari oʻrganilmoqda
2026-05-08 23:20:00 / Yangiliklar

Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari B.Valiyev rahbarligidagi Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–1-sonli hamda “2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–2-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash yuzasidan oʻrganish ishlari Qashqadaryo viloyatida davom etmoqda.
Qarshi shahridagi Xalq qabulxonasi binosida huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va jinoyatchilikni jilovlash borasida “Chilonzor tajribasi” asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.
Shuningdek, “Chilonzor tajribasi” asosida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etish yuzasidan taqdimot oʻtkazilib, mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktik hisobdagi shaxslar bilan manzilli ishlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi.
Shu bilan birga, Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi tomonidan Qarshi shahar prokuraturasi va IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchilari ish yurituvidagi jinoyat ishlari boʻyicha dastlabki tergov harakatlarining olib borilishi hamda hududda sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida sohada yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar, amaliyotdagi mavjud muammoli masalalar tanqidiy tahlil qilinib, tergov sifatini yanada yaxshilash, dalillarni oʻz vaqtida olish va rasmiylashtirishda jinoyat-protsessual qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etish, jinoyat oqibatida yetkazilgan zararning dastlabki tergov bosqichidayoq undirilishini taʼminlashga qaratilgan barcha protsessual harakatlarni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, sohani raqamlashtirish, tergov jarayonlarida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda tergovchilarning bilim va amaliy koʻnikmalarini muntazam oshirib borish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabining Qashqadaryo viloyatidagi oʻrganishlari davom etmoqda.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati









