Navoiyda IIV JXD YHXX hamda viloyat IIB rahbari ishtirokida viloyatda sodir boʻlgan YTHlar va ularni oldini olish maqsadida amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan tanqidiy yigʻilish oʻtkazildi
2026-05-08 18:35:00 / Yangiliklar

Navoiy viloyati IIBda oʻtkazilgan mazkur tanqidiy yigʻilishda joriy yilning oʻtgan davri mobaynida viloyat hududida sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari tahlil qilinib, ularning kelib chiqish sabablari atroflicha muhokama qilindi. Unda IIV JXD Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati rahbari, viloyat IIB rahbariyati, shahar va tuman IIB boshliqlari, shuningdek sohaviy xizmatlar masʼullari ishtirok etdi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, hududlarda haydovchilar tomonidan belgilangan tezlikka amal qilmaslik hamda piyodalarning yoʻl harakati qoidalariga rioya etmasligi oqibatida yoʻl-transport hodisalari kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan masʼul xodimlarning faoliyati tanqidiy koʻrib chiqilib, har bir holat yuzasidan aniq vazifa va topshiriqlar belgilab berildi.
Yigʻilish davomida avariya oʻchoqlari mavjud hududlarda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, yoʻl infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy foto va video qayd etish moslamalarini koʻpaytirish, taʼlim muassasalarida yoʻl harakati qoidalari boʻyicha targʻibot ishlarini yanada kuchaytirish masalalari yuzasidan takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, xodimlar xizmat faoliyatini samarali tashkil etishi, xususan, tungi vaqtda nazoratni yanada kuchaytirish orqali yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash ustuvor vazifalardan biri ekani alohida taʼkidlandi.
Yigʻilish yakunida masʼul xodimlarga yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, harakat xavfsizligini taʼminlash borasida qatʼiy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.









