Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan Mirobod tumanida huquqbuzarliklar profilaktikasi va xavfsiz muhit yaratish ishlari tanqidiy tahlil qilindi
2026-05-08 16:05:00 / Yangiliklar

Jamoat xavfsizligini taʼminlash, har bir mahallada huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash orqali xavfsiz muhitni yaratish masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.
Bu nafaqat huquq-tartibot organlarining balki barcha darajadagi rahbarlar va masʼul tizimlarning bevosita vazifasi hamdir.
Bu borada Prezidentimiz tomonidan respublikamiz mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish orqali jinoyatchilik hamda boshqa qonunbuzilishlarining oldini olishga qaratilgan qarorining ijrosi poytaxt tumanlari kesimida qanday amalga oshirilayotgani jarayoni tizimli ravishda oʻrganilib, tahlil qilib borilmoqda.
Shunday oʻrganish ishlarining navbatdagisi Mirobod tumani kesimida amalga oshirilib, oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar, ularni bartaraf etishga qaratilgan tanqidiy ruhdagi yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Joriy yilning 4 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar tahlili tumanda jinoyatlarning oldini olish ishlari koʻpayganligini koʻrsatdi. 13 ta mahallada jinoyatlar umuman sodir etilmagan, 25 ta mahallada jinoyatlar kamaygan.
Shuningdek, ijobiy ishlar qatorida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, eʼtibordan chetda qolgani qayd etilib, oqsoqlanayotgan sohalar boʻyicha maʼlumotlar taqdim etil va asosli tanqid ostiga olindi.
Jumladan, maʼruzachilar tumanning baʼzi mahalla profilaktika inspektorlari tomonidan ijtimoiy profilaktika tadbirlarining manzilli olib borilmaganligi, xavf guruhlari bilan ishlash samaradorligining pastligi, “mahalla yettiligi”ga biriktirish ishlari talab darajasida emasligi, ayrim sodir etilgan jinoyatlarning muhokamasi oʻtkazilmaganligi yoki yuzaki oʻtkazilganligi, jinoyatlarning oldini olish borasidagi targʻibot ishlarining yetarli darajada emasligi kabi bir qancha salbiy holatlar taʼkidlandi.
Yigʻilish yakunida qayd etib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish, yurtboshimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida hududlarda aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Unda ijro muddatlari qayd etilib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli soha vakillari hamda masʼullarga topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati






