Sirdaryo viloyati IIB rahbariyati Shirin shahrida oʻrganish ishlarini olib bordi
2026-05-08 13:35:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi tomonidan Shirin shahri hududida jinoyatchilikning oldini olish, jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda profilaktika ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan oʻrganish ishlari olib borildi.
Mazkur oʻrganishlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil boshida qabul qilingan PQ–1 va PQ–2 qarorlari, shuningdek, Toshkent shahrining Chilonzor va Mirzo Ulugʻbek tumanlarida joriy etilgan ilgʻor tajribalar asosida tashkil etildi.
Asosiy eʼtibor hududlarda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish masalalariga qaratildi.
Oʻrganish ishlari dastlab Shirin shahrining “Doʻstlik” mahallasida boshlandi. Ushbu mahallada aholi xavfsizligini taʼminlash maqsadida amalga oshirilayotgan kameralashtirish ishlari atroflicha koʻzdan kechirildi.
Boshqarma boshligʻi tomonidan oʻrnatilgan videokuzatuv moslamalarining ishlash holati, ularning qamrov doirasi hamda jamoat tartibini saqlashdagi ahamiyati tahlil qilindi.
Shuningdek, mahalla aholisi bilan muloqot oʻtkazilib, fuqarolarning fikr va takliflari oʻrganildi.
Shundan soʻng, oʻrganish ishlari “Farhod” mahallasida davom ettirildi. U yerda mahalla raisi hamda profilaktika inspektorlari bilan uchrashuv tashkil etilib, hududdagi mavjud muammolar, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar muhokama qilindi.
Jumladan, aholi bilan manzilli ishlash, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni kuchaytirish va ichki ishlar organlari hamda mahalla oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻrganish davomida Sirdaryo viloyati IIB boshligʻi Shirin shahar Ichki ishlar boʻlimiga ham tashrif buyurdi.
Tashrif chogʻida boʻlimdagi xizmat faoliyati, xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi koʻzdan kechirildi.
Shuningdek, tezkor-tergov guruhi faoliyati bilan yaqindan tanishib, hodisa sodir boʻlgan joyga tezkor chiqish, dalillarni sifatli yigʻish va tergov harakatlarini qonun doirasida samarali tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Masʼul xodimlarga xizmat samaradorligini yanada oshirish, zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish hamda fuqarolar bilan muloqot madaniyatini yuksaltirish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.
Oʻrganish yakunida mutasaddi rahbarlar va masʼul xodimlarga aniq vazifalar belgilab berildi hamda hududda xavfsizlikni taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va aholi farovonligini oshirish borasida tizimli ishlarni izchil davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati









