Hududlarda. “Rahmat aytishdan charchamayman”
2026-05-07 23:00:00 / Yangiliklar

Arnasoy tumani IIB JXX HPB profilaktika katta inspektori, mayor Safarboy Oʻralov tumandagi 20-umumtaʼlim maktabi sari yoʻl oldi. Bugun ushbu taʼlim maskanida viloyat miqyosidagi muhim seminar boʻlib oʻtadi.
Unda Jizzax viloyatining barcha tumanlarida, jumladan, chekka hududlardagi maktablarda faoliyat yuritayotgan xorijlik mutaxassislar va mahalliy pedagoglar tajriba almashish uchun jam boʻladi. Mayor jamoat tartibini saqlash va seminarning osoyishta oʻtishini taʼminlashga masʼul etib biriktirilgan.
Seminarda viloyatdagi maktablarda taʼlim sifatini oshirish, chet tillarni oʻqitishni xalqaro andozalarga moslashtirish maqsadida jalb etilgan 35 nafar xorijlik oʻqituvchi ishtirok etdi.
Ular oʻzbekistonlik hamkasblari bilan til oʻrgatishning ilgʻor usullari, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va sifatli taʼlim berishning innovatsion yoʻllari haqida fikr almashdilar.
Tumandagi 8-maktabda faoliyat yuritayotgan eronlik oʻqituvchi Mahbube Baxshayesh (Mahboobeh Bakhshayesh) profilaktika katta inspektoriga jamoat xavfsizligini taʼminlashdagi xizmati uchun alohida minnatdorlik bildirdi:
Tinchlik — eng ulugʻ boylik. Bir necha oydirki, yurtingizda bolalarga ingliz tilidan saboq berib kelyapman. Oʻzbekistondagi osuda hayotga havasim keladi.
Vatanimdagi yaqinlarim bilan qoʻngʻiroqlashganimda, ularga jannatmonand yurtda emin-erkin ishlayotganimni aytaman. Shu bois bu ulugʻ neʼmatni qadrlash, uning posbonlariga takror-takror rahmat aytishdan charchamayman.
Darhaqiqat, birgina ushbu maktab joylashgan Gʻafur Gʻulom nomidagi mahallada nafaqat profilaktika inspektori, balki mahalla yettiligi aʼzolari hamda jamoatchilik nazorati tufayli hudud xavfsizligi namunali darajada taʼminlanmoqda.
Hududga 60 ga yaqin kuzatuv kameralari oʻrnatilgani, jamoatchilik guruhlarining faolligi, tunu-kun olib borilayotgan profilaktik tadbirlar natijasida mahallada yil boshidan buyon birorta ham jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Ming nafardan ziyod yoshlarni sport toʻgaraklariga qamrab olishda sport maktabining aynan shu mahalla hududida joylashgani ham katta imkoniyat yaratmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Muqaddas Saparova, Jizzax viloyati.
