Xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
2026-05-07 14:00:00 / Yangiliklar

Avstriya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari yildan-yilga mustahkam rivojlanib bormoqda. Ayni kunlarda ushbu mamlakatning Tashqi va Ichki ishlar vazirliklari delegatsiyalari hamda ishbilarmon doira vakillari mamlakatimizga tashrif buyurib, oʻzaro aloqalarni yanada rivojlantirish boʻyicha bir qator muhim tadbirlarda ishtirok etmoqdalar.
Mazkur tashrif jarayonida Avstriya Federal ichki ishlar vaziri janob Gerxard Karner hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuv ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Tomonlar transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish, shu jumladan noqonuniy migratsiya va odam savdosini oldini olish masalalariga eʼtibor qaratib, bu borada ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirish hamda shaxsiy tarkibning bilim va koʻnikmalarini oshirish muhim ekanligini taʼkidladilar.
Uchrashuvda, shuningdek, terrorizm va ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi, uyushgan jinoyatchilik kabi xalqaro miqyosdagi xatarlarga qarshi kurashish yoʻnalishida yangi tashabbuslarni ilgari surildi.
Shu bilan birga xavfsiz turizmni rivojlantirish, migratsiya masalasida mavjud muammolarni bartaraf etish, kiberxavfsizlik masalalarida tajriba almashish, har ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlari taʼlim dargohlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va xodimlar malakasini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Tadbir soʻngida delegatsiya rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan Avstriya Respublikasi Federal Ichki ishlar vazirligi oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumini imzoladilar.
Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda yuqorida qayd etilgan koʻplab yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab olindi.
Shu bilan birga, hamkor mamlakat vakillariga Ichki ishlar vazirligi faoliyati yaqindan tanishtirilib, zamonaviy maxsus texnik-vositalar hamda tizimni raqamlashtirish jarayonlari taqdimot qilindi.









