Buxoro viloyati IIB rahbariyati tomonidan hududlarda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash yuzasidan amaliy oʻrganishlar olib borildi
2026-05-07 09:00:00 / Yangiliklar

Mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish yoʻlida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining navbatdagi oʻrganishlari Buxoro hamda Gʻijduvon tumanlarida olib borildi.
Buxoro viloyati ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi oʻrtasida xizmat intizomini mustahkamlash hamda joylarda aholi xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlarning amaliy holatini koʻzdan kechirish maqsadida tizimli oʻrganishlar davom etmoqda.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi navbatdagi amaliy oʻrganishlar doirasida Buxoro tumani ichki ishlar boʻlimiga tashrif buyurdi.
Dastlab boʻlimning navbatchilik qismi faoliyati, xodimlarning xizmat olib borish sharoitlari hamda maʼmuriy binodagi xizmat xonalarining holati koʻzdan kechirildi.
Xodimlarning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tezkorligi, shuningdek, tozalik va obodonlashtirish masalalari yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Oʻrganishlar jarayonida davlatimiz rahbarining tegishli PQ-1 va PQ-2 sonli qarorlari talablari asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish hamda jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishda poytaxtning “Chilonzor tajribasi” asosida ishlarni tashkil etish lozimligi taʼkidlandi.
Ushbu ilgʻor tajribaga muvofiq, patrullik yoʻnalishlarini jinoyat oʻchoqlariga qarab hududlar kesimida toʻgʻri taqsimlash, mahalla yettiligi bilan uzviy hamkorlikni taʼminlash orqali fuqarolarning maishiy va ijtimoiy muammolarini manzilli hal etish eng muhim ustuvor vazifa ekanligi tushuntirildi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining keyingi manzili Gʻijduvon tumani 1-son ichki ishlar boʻlimi boʻldi. Bu yerda ham shaxsiy tarkibning xizmatga shayligi, fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi tahlil qilindi.
Profilaktika inspektorlari va tezkor xodimlarning jinoyat sodir etishga moyil toifadagi shaxslar bilan ijtimoiy profilaktika tadbirlarini muntazam olib borishi, ayniqsa, hududlarni “Yashil hudud”ga oʻtkazish boʻyicha aniq mexanizmlarni ishga solish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berildi.
Oʻrganishlar yakunida har bir xodim oʻz xizmat vazifasiga vijdonan yondashishi, fuqarolar bilan muloqotda doimo xushmuomala boʻlishi hamda qonuniylikni qatʼiy taʼminlash, shuningdek, faoliyat davomida yoʻl qoʻyilgan ayrim kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish boʻyicha masʼul rahbarlarga muddatlar belgilanib, qatʼiy topshiriqlar berildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati




