9-may – Xotira va qadrlash kuni arafasida: Buxorolik II Jahon urushi qatnashchisi ichki ishlar organlarining faxriysi isteʼfodagi mayor Ahmed Muhsinov 103 yoshni qarshiladi
2026-05-06 15:10:00 / Yangiliklar

9-may – Xotira va qadrlash kuni arafasida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, isteʼfodagi mayor Ahmed Muhsinov xonadoniga tashrif buyurib, otaxonni bayram bilan tabrikladi. Quvonarlisi shundaki, qahramonimiz aynan shu kunda oʻzining 102 yoshini toʻldirib, 103 yoshga qadam qoʻydi.
Isteʼfodagi mayor Ahmed Muhsinov 1924-yil 6-may kuni Buxoro tumanida tavallud topgan. U 1942-yilning sentyabr oyidan boshlab, 1947-yilning mart oyigacha sobiq ittifoq armiyasi safida xizmat qilgan. Xususan, 1942-1943-yillarda Stalingrad shahridagi ayovsiz janglarda qatnashgan boʻlsa, keyinchalik Volgograd, Shimoliy Koreya va Yaponiya davlatlarida boʻlib oʻtgan jangovar harakatlarda ham oʻz jasoratini koʻrsatgan.
Urushdan qaytgach, A. Muhsinov xalq taʼlimi, matbuot va madaniy meros sohalarida turli masʼuliyatli lavozimlarda, jumladan, maktab oʻqituvchisi va muzeylar boʻlimi boshligʻi boʻlib mehnat qilgan. Ichki ishlar organlaridagi namunali faoliyatini esa 1969-yil 22-apreldan boshlagan va 1984-yil 25-avgustda maxsus komendatura boshligʻi lavozimidan mayor unvoni bilan nafaqaga chiqqan.
Otaxonning davlat va el-yurt oldidagi xizmatlari yuksak qadrlanib, shu kunga qadar yuzga yaqin orden va medallar bilan taqdirlangan. Ular qatorida 1994-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan berilgan “Jasorat” medali va 2024-yilda topshirilgan “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi” koʻkrak nishoni alohida ahamiyatga ega.
Hozirgi kunda 103 yoshli qahramonimiz Buxoro shahrida oʻgʻli Abror Muhsinov bilan birga, farzandlari qaramogʻida tinchlik va xotirjamlikda umrguzaronlik qilmoqda. Uning hayot yoʻli va oilaviy baxti bugungi yoshlar uchun chinakam ibrat maktabi boʻlib, ayni paytda otaxonning 19 nafar nevarasi, 45 nafar evarasi va 4 nafar chevarasi bor.
Viloyat IIB boshligʻining bu yoʻqlovi nafaqat bir insonga koʻrsatilgan yuksak ehtirom, balki butun bir faxriylar avlodining tinchlik yoʻlidagi xizmatlari oldidagi chuqur minnatdorlik ifodasidir.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati



