Buxoro viloyati IIB boshligʻi Buxoro shahridagi 1-son ichki ishlar boʻlimi hamda Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi
2026-05-06 11:50:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi tomonidan shahar va tumanlardagi ichki ishlar boʻlimlari faoliyatini oʻrganish, shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomini mustahkamlash hamda aholi xavfsizligini taʼminlash borasida tizimli tadbirlar olib borilmoqda. Navbatdagi oʻrganishlar Buxoro shahar boʻyicha IIO FMB 1-son Ichki ishlar boʻlimida boʻlib oʻtdi.
Oʻrganishlar dastlab boʻlimning navbatchilik qismi faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Bu yerda xodimlarning xizmat olib borish sharoitlari, hududdagi tozalik va obodonlashtirish ishlari, shuningdek, tezkor boshqaruvni amalga oshirish tizimi koʻzdan kechirildi. Asosiy eʼtibor fuqarolar murojaatlarini belgilangan tartibda roʻyxatga olish va ularni oʻz vaqtida, sifatli ijro etish holatiga qaratildi. Har bir murojaat ortida inson taqdiri va fuqarolarning davlat idoralariga boʻlgan ishonchi turgani alohida taʼkidlandi.
Oʻrganishlar davomida Prezidentning PQ-1 va PQ-2-son qarorlari hamda “Chilonzor tajribasi” asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi. Shuningdek, kriminogen vaziyatni tahlil qilish, patrullik yoʻnalishlarini toʻgʻri taqsimlash, “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikni kuchaytirish va manzilli ishlash tizimini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Xodimlarning xizmat intizomi, qonunchilik talablariga rioya qilishi, fuqarolar bilan muloqot madaniyati, shuningdek, korrupsiya va tamagirlikka yoʻl qoʻymaslik kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Yakunda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, davlat rahbarining joriy yil 27-yanvardagi videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan toʻrtta asosiy ustuvor yoʻnalish — kiberjinoyatlar, uyushgan jinoyatchilik, yashirin iqtisodiyot va giyohvandlikka qarshi kurashish vazifalari ijrosi doirasida ham viloyatda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish yoʻnalishida hududiy boʻlinmalar salohiyati oshirilib, barcha shahar va tumanlarda axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar bilan shugʻullanuvchi malakali xodimlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Viloyat IIB boshligʻi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasida boʻlib, sohadagi ishlar holatini oʻrgandi.
Oʻrganishlar davomida ijobiy natijalar bilan bir qatorda mavjud kamchiliklar ham tahlil qilindi. Har bir xodim bilan oʻtkazilgan suhbatlarda raqamli texnologiyalar rivoji sharoitida jinoyat usullari ham takomillashayotgani, bu esa doimiy hushyorlik va zamonaviy bilimlarni talab etishi taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan kiberjinoyatlarning oldini olish, bank kartalaridan mablagʻlar oʻgʻirlanishiga qarshi kurashish, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarliklarni bartaraf etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, tezkor-qidiruv ishlarini kuchaytirish va aholining raqamli savodxonligini oshirishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati



