Buxoro viloyatida jinoyatchilikni jilovlash va mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi
2026-05-06 11:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 5-may kuni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov raisligida videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda shahar va tumanlar hokimlari, viloyat hokimining oʻrinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda barcha boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, “mahalla yettiligi” ishtirok etdi.
Yigʻilishda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, xufiyona iqtisodiyotni qisqartirish, obodonlashtirish ishlari hamda mutasaddilarning samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) kabi muhim masalalar oʻrin oldi. Shu bilan birga, yigʻilishning eng asosiy va tanqidiy qismi hududlarda jinoyatchilikni jilovlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda qonunchilik hujjatlari ijrosi holatiga qaratildi.
Ushbu masalalar yuzasidan viloyat IIB boshligʻi ishtirok etib, hududlardagi kriminogen vaziyat va profilaktik tadbirlar samaradorligi boʻyicha chuqur tahliliy maʼruza qildi.
Viloyat IIB boshligʻi oʻz soʻzida, davlatimiz rahbarining hududlarda xavfsiz muhitni yaratish va jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasiga oid qarorlari ijrosiga toʻxtalib, bu borada amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni sanab oʻtdi. Xususan, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jumladan, “namunaviy xavfsiz koʻcha”, “xavfsiz yoʻlak” va “xavfsiz uy” tizimlarini joriy etish, videokuzatuv kameralarini oʻrnatish boʻyicha hisobotlarda raqamlar ortigʻi bilan koʻrsatilayotgan boʻlsa-da, amalda tizimlar toʻliq ishga tushirilmaganligi va integratsiya qilinmaganligi tanqid qilindi. Ayrim tuman va shahar hokimliklari mutasaddilarining topshiriqlarga yuzaki yondashuvi qoralandi. Garchand baʼzi hududlarda jinoyatchilik pasaygan boʻlsa-da, oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar ayrim tumanlarda oʻsish kuzatilganligi qayd etildi. Bunga masʼul rahbarlar va mahalla masʼullarining oʻz hududiga tushib, aniq profilaktik ishlarni olib bormaganligi asosiy sabab qilib koʻrsatildi.
Shuningdek, jinoyat sodir etishga moyil hamda ijtimoiy koʻmakka muhtoj fuqarolar bilan ishlash tizimida qator oqsoqliklar mavjudligi taʼkidlandi. “Mahalla yettiligi” tomonidan berilayotgan xulosalarning salmoqli qismi ijobiy hal etilmasdan qolayotganligi, profilaktik tadbirlar faqat qogʻozda, rasmiyatchilik uchun oʻtkazilayotganligi natijasida ayrim fuqarolar qayta jinoyat yoʻliga kirib qolayotganligi keskin qoralandi. Oila va xotin-qizlar boʻlimlari tomonidan xotin-qizlar oʻrtasidagi huquqbuzarliklar va oilaviy zoʻravonliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlar sustligi tanqid qilindi. Shuningdek, yoshlar, ayniqsa, voyaga yetmagan maktab oʻquvchilari orasida kuzatilayotgan huquqbuzarliklar, ularning nazoratsiz qolayotganligi, uzoq muddatli migratsiyadan qaytganlar bilan ishlash tizimi talab darajasida emasligi taʼlim va yoshlar ishlari mutasaddilariga koʻrsatib oʻtildi.
Axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan firibgarlik holatlari oshayotgani sababli, barcha tashkilotlar oʻz xodimlari va aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirishi zarurligi taʼkidlandi. Eng achinarlisi, xalqqa oʻrnak boʻlishi kerak boʻlgan baʼzi davlat idoralari va hamkor tashkilotlar xodimlari tomonidan ham jinoyatlar sodir etilayotganligi qattiq qoralandi.
Mahallalarda xizmat qilayotgan profilaktika inspektorlari uchun ajratilgan xizmat uylaridan maqsadli foydalanish, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish borasida mahalliy hokimliklar tomonidan eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻyilayotgan hududlar sanab oʻtildi va muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilish yakunida viloyat va tuman darajasidagi barcha rahbarlar, hokimlar hamda mahalla masʼullariga jamoat xavfsizligini taʼminlash faqatgina ichki ishlar organlarining emas, barchaning umumiy vazifasi ekanligi eslatib oʻtildi. Berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida, koʻzboʻyamachiliksiz va amaliy natijalar bilan bajarish boʻyicha barcha mutasaddilarga qatʼiy vazifalar yuklatildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati



