9-may — Xotira va qadrlash kuni. “Tushlarimga kiring, dadajon!..”
2026-05-04 23:00:00 / Yangiliklar

Xotira va qadrlash kuni arafasida qalbimizda oʻtmishdagi voqealar, yaxshi insonlar va ular qoldirgan izlar yana tiriladi.
Ayniqsa, otasini sogʻinib yashaydigan murgʻak qalblar borki, ularning dardini soʻz bilan ifodalash qiyin...
Fargʻona shahridagi 4-umumtaʼlim maktabining 4-sinf oʻquvchisi Rashidbek Bahodirov ana shunday bolalardan biri. Barcha bolalar qatori, har kuni ertalab jonajon maktabiga shoshiladi. Ammo uning kuni bir odat bilan boshlanadi avvaliga dadasining suratiga uzoq tikiladi, soʻngra xizmat kiyimini bir silab kuyadi...
Goʻyo dadasi unga mehr bilan boqib turganday, “Oʻgʻlim, oq yoʻl, yaxshi oʻqib, «5” baho olib kel!» deb kuzatib qoʻyayotgandek...
Rashidbekning dadasi — kapitan Rustam Qurbonov Furqat tumanida tugʻilgan boʻlib, Vatan tinchligi va xalq osoyishtaligi yoʻlida oʻz jonini fido qilgan insonlardan sanaladi. U 2015-yilda ichki ishlar organlari safiga kirib, 10-yilga yaqin xalqqa sadoqat bilan xizmat qildi.
Fargʻona shahar IIBda profilaktika inspektori, inspektor-psixolog lavozimlarida ishlab, yoshlar oʻrtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga munosib hissa qoʻshdi.
Qancha-qancha adashgan yoshlarni toʻgʻri yoʻlga solib, jinoyatlarning oldini oldi.
2024-yil aprel oyida Oʻzbekiston tumani IIB JXX HPB profilaktika inspektori etib xizmatga tayinlangan R. Qurbonov oʻziga biriktirilgan “Qaynar” mahallasi aholisi bilan tezda til topishib, namunali xizmat olib borayotgandi.
19-may kuni soat 23:00larda tungi xizmatga jalb qilingan katta leytenant Rustam Mirzayev hamda kapitan Rustamjon Qurbonovlar hudud boʻylab profilaktik ishlar olib borayotganda yoʻl-transport hodisasiga uchrashadi.
Koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, kapitan Rustam Qurbonov 31-may kuni Qoʻqon shahar markaziy shifoxonasining jonlantirish boʻlimida vafot etdi.
Ammo u ketmadi... U padari buzrukvori Bahodirjon ota, volidasi Lobarxon aya, turmush oʻrtogʻi Sarvinoz, qizi Gulsanam hamda suyukli oʻgʻli Rashidbekning qalbida mangu yashab kelmoqda.
- Turmush oʻrtogʻim bolaligidan ichki ishlar xodimi boʻlishni orzu qilib ulgʻaygan ekan, — deydi Sarvinoz Yakubova. — Oliygohni tamomlaganimizdan soʻng oila qurgan vaqtimizda taʼlim sohasida ishlardi.
Baribir orzulari uni tinch qoʻymadi. Oliy maʼlumotli nomzodlar oʻrtasida oʻtkazilgan sinovlarda qatnashib, 2015-yilda ichki ishlar organlariga qabul qilindi. Oʻsha yili bizga omad qoʻshaloq kelib, Rashidbek dunyoga keldi. Oʻgʻlim esini tanibdiki, dadasini xizmat kiyimida koʻrgan va doim u bilan faxrlangan.
Rashidbek dadasini tez-tez tushlarida koʻradi. Balki u tushlar orqali dadasi bilan gaplashar, dardlashar... Balki “men yaxshi oʻqiyman, siz orzu qilgan inson boʻlaman”, — deya vaʼda berar...
Bugun ham u dadasining suratiga bir qarab qoʻydi-yu, maktabga shoshildi. U oʻz orzulari uchun emas, balki dadasining orzulari uchun ham yaxshi oʻqishga intiladi. Har bir yaxshi bahosi — dadasiga hadya, har bir yutugʻi — uning xotirasiga ehtirom.
Kapitan Rustam Qurbonov kabi fidoyi insonlar xotirasi hech qachon oʻchmaydi. Ular xalq qalbida, farzandlari taqdirida, tinch osmonimizda abadiy yashaydi.
Rashidbek esa har kecha yurakdan bir iltijo qiladi: -Tushlarimga kiring, dadajon...
©️ “Postda” gazetasi, Abduvosit Sidiqov, Fargʻona viloyati.
