IIV Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligida harbiy xizmatchilar uchun yangi oʻquv yilining ochilish marosimi oʻtkazildi
2026-05-04 10:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 1-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi IIV Qorovul qoʻshinlarida “Har bir harbiy xizmatchi oʻz kasbiga sadoqati, yuqori harbiy intizom va huquqiy savodxonligining mustahkamligi, robototexnik va uchuvchisiz uchish apparatlarini qoʻllashda innovatsion yondashuv orqali kasbiy malakasini oshirishi, xavfsizlikni keltirib chiqaradigan omillarga munosib javob berishi, jangovar xizmat vazifalarining muvaffaqiyatli bajarilishining garovidir!” shiori ostida Yangi 2026-2027-oʻquv yili ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbir davomida Qoʻshin qoʻmondoni polkovnik Xasan Batirov nutq soʻzlab, Vatanni himoya qilishdek muqaddas, shu bilan birga, sharafli burchni bajarishga shay turgan harbiy xizmatchilarga bukilmas iroda, yuksak matonat va kuch-gʻayrat hamroh boʻlishini taʼkidlab, harbiy xizmatchilarga yangi oʻquv yilida jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik fanlarini puxta oʻzlashtirish va jangovar xizmat vazifalarini muvaffaqiyatli bajarishlari yuzasidan ustuvor vazifalar belgilandi.
Yangi oʻquv yili – bu nafaqat bilim va koʻnikmalarni yangilash davri, balki har bir harbiy xizmatchining oʻz ustida ishlashi, kasbiy mahoratini yanada mustahkamlashi, Vatanga sadoqatini amalda namoyon etishi uchun muhim imkoniyatdir.
IIV Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi



