Toʻyxat oʻrnida. Olovlarda toblangan umr
2026-05-03 12:40:00 / Yangiliklar

Taqdir kimgadir osuda mehnat faoliyatini ravo koʻrsa, kimgadir xavf-xatar bilan yuzma-yuz kelish barobarida mardlik koʻrsatish qismatini bitadi. Isteʼfodagi podpolkovnik Qodirjon Joʻrayev ana shunday sharafli, ammo nihoyatda mashaqqatli yoʻlni tanlagan, oʻz hayotini el-yurt osoyishtaligi va yongʻin xavfsizligini taʼminlashga bagʻishlagan insonlardan biridir.
1951-yilda Toshkentning ziyoli xonadonlaridan birida tugʻilgan Qodirjonning feʼl-atvorida otasi — Nosir akaning bukilmas qatʼiyati hamda onaizori Munavvar opaning cheksiz mehri, fidoyiligi mujassam edi. Undagi intilish va qatʼiyat Toshkent aviatsiya texnikumini imtiyozli diplom bilan tamomlashiga, soʻngra harbiy xizmatda toblanishiga zamin yaratdi. Harbiy xizmatdan “serjant” unvoni bilan qaytgan shijoatli yigitning oldida katta hayotning keng ufqlari namoyon edi.
1973-yil lavhamiz qahramonining hayotida tub burilish boʻldi. Ichki ishlar idoralari tizimiga, xususan, yongʻin xavfsizligi sohasiga qadam qoʻygan yosh mutaxassis oʻz faoliyatini oʻt oʻchiruvchi sifatida boshladi. Qalbidagi ilmga chanqoqlik uni avval Toshkent politexnika instituti, soʻngra IIV Yongʻin xavfsizligi oliy texnik maktabi sari yetakladi.
Xizmat yillari davomida Qodirjon aka tajribali ustozlardan saboq oldi. Uning uchun jilovlangan har bir alanga — shunchaki kasbiy vazifa emas, balki insonlar hayoti va davlat mulkini asrab qolishdek muqaddas burch edi.
Qodirjon Joʻrayevning yuksak professionalligi va tashkilotchilik salohiyati rahbariyat tomonidan munosib baholanib, u Davlat yongʻin nazorati boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari, keyinchalik esa Transport IIB Yongʻin xavfsizligi boʻlimi boshligʻi kabi masʼuliyatli lavozimlarga tayinlandi.
Chorak asrdan ziyod sharafli xizmat faoliyati davomida koʻp marotaba taqdirlangan, “Yongʻin xavfsizligi aʼlochisi” koʻkrak nishoni sohibiga aylangan Qodirjon Joʻrayev bugun pensiyada. Shunga qaramay, hamon safda. U ayni paytda IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Faxriylar kengashining faol aʼzosi sifatida yosh xodimlarga oʻz boy tajribasini, kasb sirlarini beminnat oʻrgatib kelmoqda.
Bugun Qodirjon Joʻrayevning oʻnlab shogirdlari respublikaning turli goʻshalarida el tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilishyapti. Zero, fidoyi ustoz uchun eng oliy mukofot — shogirdlar kamolidir.
Yaqin kunlarda tabarruk 75 yoshni qarshilaydigan lavhamiz qahramoniga mustahkam sogʻlik, uzoq umr va oilaviy totuvlik tilab qolamiz. Ulugʻ yoshingiz qutlugʻ boʻlsin, aziz ustoz!
Abror Poyonov, katta mutaxassis-muxbir, katta serjant. “Postda”
