Toshkent shahar Chilonzor tumanida “Dolzarb 20 kun” tadbiri boshlandi
2026-05-03 12:10:00 / Yangiliklar

Joriy yilning birinchi choragi davomida Chilonzor tumanida amalga oshirilgan ishlar, kriminogen vaziyat tahlil qilinib, jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda manzilli yoʻnalishlar belgilab olindi.
Bu boradagi ishlarni faollashtirish va tumanda xavfsiz muhitni taʼminlash maqsadida joriy yilning 1 may kunidan 20 mayiga qadar mutasaddi tashkilot va idoralar hamkorligida keng qamrovli “Dolzarb 20 kun” maxsus profilaktik tadbiri boshlandi.
Bosh boshqarma va tuman boʻlimlaridan xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektorlar hamda voyaga yetmaganlar boʻyicha inspektor-psixologlardan iborat hududiy ishchi guruhlari tuzildi. Ishchi guruhga oila-turmush doirasida jinoyat sodir etishga moyil boʻlgan, sudlar orqali nizolashayotgan oilalar aniqlanib, manzilli profilaktik tadbirlar amalga oshirilishi, bunday oilalarni yarashtirish va kelishuvga erishish choralarini koʻrish, zarur hollarda himoya orderi rasmiylashtirish, majburiy reabilitatsiya dasturlarini qoʻllash kabi vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, ijtimoiy, moddiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj oilalar, yolgʻiz ayollarga yordam koʻrsatish, har bir sodir etilgan qonunbuzilish holatlari sayyor sud majlislarida keng jamoatchilikni jalb qilgan holda muhokama qilinishiga eʼtibor qaratiladi. Bundan tashqari tuman mahallalarida huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash orqali mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jamoat xavfsizligini kuchaytirish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.
Mazkur tadbirning oʻtkazilishi poytaxtimizning eng gavjum, koʻp millatli, sanoat va ishlab chiqarish, yirik savdo markazlari joylashgan tumanda oʻtkazilishi bejiz emas. Bu tadbir tumanda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, xavfsizlik va jamoat tartibini taʼminlashga xizmat qilib, “Xavfsiz shahar” maqomini yaratishga xizmat qiladi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati



