Toshkent shahar Yunusobod tumanida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi
2026-05-03 12:00:00 / Yangiliklar

Poytaxtimiz hududida jamoat xavfsizligini taʼminlash, har bir mahallada xavfsiz muhitni yaratish masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi. Xususan, poytaxt IIO FMBlarda joriy yilning birinchi choragida IIBB rahbariyati tomonidan hududlarda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, mahallalarda huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlab oldini olish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalari tarqalishi, noqonuniy aylanmasi, kibermakonda sodir etilayotgan kiberjinoyatlarga qarshi kurash hamda qator keng qamrovli profilaktik tadbirlarning samarali ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinmoqda.
Kuni kecha poytaxtimizning Yunusobod tumani IIO FMBda ham sohaviy xizmatlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bagʻishlangan tahliliy-tanqidiy yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Toshkent shahar IIBB boshligʻi, prokuratura va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, tuman rahbariyati, sohaviy xizmat masʼullari ishtirok etishdi. Maʼruzachilar tumanda 28 ta mahallada jinoyat sodir etilmagani, 24 ta mahallada jinoyatlar soni kamaygani ijobiy dinamikani koʻrsatishi, biroq bular ortida kamchilik va muammolar ham mavjudligini taʼkidlab oʻtishdi.
Xususan, profilaktik tadbirlar: aholi – yoshlar, xotin-qizlar, probatsiya hamda profilaktik roʻyxatda turuvchi shaxslar bilan manzilli ishlash yoʻnalishida mahalla yettiligi hamkorligidagi kamchiliklarga urgʻu berildi. Mulkiy va maishiy jinoyatlar sonining oshgani, elektron tizimlar bilan ishlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning jamoat ishtirokida muhokamasi, taʼsir choralarini qoʻllash, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash orqali ularni oldini olishdagi kamchiliklar taʼkidlandi. Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar shaxsiy tarkib oʻrtasida keng muhokama qilinib, har bir rahbar va xodimning oʻz vazifasiga vijdonan va masʼuliyat bilan yondashishi, xavfsiz muhitni yaratishda muhimligi eslatib oʻtildi.
Yigʻilish soʻngida yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish, masʼuliyatni oshirish, kuch va vositalardan toʻgʻri va samarali foydalanish, tumandagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va jamoat tartibini namunali tashkil etish boʻyicha istiqboldagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati



