Sirdaryo tajribasi: Yangiyerda kiberxavfsizlik markazi tashkil etiladi, hamkorlik memorandumi imzolandi
2026-05-03 10:45:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining mamlakatimizda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, zamonaviy tahdidlarga munosib javob qaytarish hamda aholi orasida kibersavodxonlikni oshirish boʻyicha belgilab bergan ustuvor vazifalari ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatida yana bir muhim tashabbus amalga oshirilmoqda.
Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Toshkent kimyo-texnologiyalar instituti Yangiyer filiali oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik doirasida Yangiyer shahrida “Sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik” markazi tashkil etilmoqda.
Mazkur markaz “Sirdaryo tajribasi” asosida yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan boʻlib, u dunyoning ilgʻor davlatlari — AQSH, Turkiya, Yaponiya, Fransiya, Singapur va Estoniya tajribalariga tayangan holda shakllantirilishi koʻzda tutilgan.
Tadbirda Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi masʼul xodimlari hamda oliy taʼlim muassasasi rahbariyati ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, markaz faoliyati bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan. Dastlab davlat tashkilotlari xodimlarining kiberxavfsizlik boʻyicha bilim va koʻnikmalari oshiriladi. Keyingi bosqichlarda xususiy sektor va nodavlat tashkilotlar vakillari qamrab olinadi.
Eng muhimi, tayyorlanadigan mutaxassislar oʻz ish joylarida targʻibot va tushuntirish ishlarini olib borish orqali aholi oʻrtasida kiberxavfsizlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tadbir davomida axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar va kutilayotgan natijalar yuzasidan taqdimot oʻtkazildi.
Shuningdek, tadbir yakunida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Toshkent kimyo-texnologiyalar instituti Yangiyer filiali oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandumga koʻra, markazda kelgusida ishtirokchilar kiberjinoyat turlari, ularni sodir etish usullari, zamonaviy himoyalanish choralari hamda samarali targʻibot mexanizmlarini oʻrganishi rejalashtirilgan.
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati




