Koʻrik-tanlov. Sogʻlom oila — jamiyat tayanchi
2026-05-02 23:05:00 / Yangiliklar

Vazirlik markaziy apparatida oʻtkazilgan tadbirda sohaviy xizmatlarda faoliyat yuritayotgan toʻrt nafar xodim oʻz oilasi bilan qatnashdi. Ishtirokchilar «Tanishtiruv», «Bu - mening oilam» hamda «Biz - kitobxon oilamiz» shartlari boʻyicha nafaqat oʻz bilim va isteʼdodlarini, balki aktyorlik mahoratlarini ham namoyish etdilar.
Tanlovning birinchi shartida oilalar milliy raqs, sheʼr va qoʻshiqlar orqali namunali oilaning diqqatga molik jihatlarini, erishgan yutuqlarini ifodalab berdilar. Ikkinchi shartda esa oilaviy fotoalbomlar hamda oilaning jamiyatdagi oʻrni, kasbiy faoliyati, oʻzaro munosabatlari, anʼana va qadriyatlarini aks ettiruvchi videoroliklar tomoshabinlar eʼtiboriga havola etildi.
Tanlovning yakuniy shartida ishtirokchilar oʻzbek va jahon adabiyotining buyuk namoyondalari qalamiga mansub durdona asarlar yuzasidan berilgan savollarga javob berib, oʻzlarining kitobxonlik salohiyatini namoyish qildilar.
Qiziqarli va murosasiz kechgan bahslar yakuniga koʻra, birinchi oʻringa IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti muhim topshiriqlar boʻyicha inspektori, mayor Ixtiyor Abdullayev oilasi munosib deb topildi va koʻrik-tanlovning respublika bosqichi yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻrinni esa vazirlik Tezkor-qidiruv departamenti Jinoyat-qidiruv xizmati Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi katta tezkor vakili, kapitan Qobiljon Xalilov oilasi egalladi. IIV Malaka oshirish instituti oʻqituvchisi, katta leytenant Bahodir Burxonov oilasiga uchinchi oʻrin nasib etdi. Vazirlik Moliya va moddiy texnika taʼminoti departamenti Texnik taʼminlash markazi katta texnik mutaxassisi, serjant Jasur Oʻtayev esa «Ibratli oila boshligʻi» nominatsiyasi gʻolibi deb topildi.
Gʻolib va sovrindorlar diplom hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
