Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalar ijrosi yuzasida sohaviy va hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirokida navbatdagi Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-05-03 09:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda xavfsizlikni taʼminlash, ichki ishlar organlari faoliyatini yanada samarali yoʻlga qoʻyish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Oʻtgan uch oy davomida ichki ishlar organlari tizimini takomillashtirishga oid 4 ta Qonun, 1 ta Farmon va 9 ta muhim qarorlar qabul qilindi. Mazkur normativ huquqiy hujjatlarda belgilangan xizmat natijadorligini yanada oshirish va yurtdoshlarimiz osoyishtaligini taʼminlash borasidagi Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan yangi tajribalarni oʻrganish maqsadida hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari poytaxtimizga tashrif buyurdi.
Tadbir ishtirokchilari yaqinda Prezidentimizga namoyish etilgan Mirzo Ulugʻbek tumanidagi sunʼiy intellektga asoslangan “Aqlli tuman” platformasi hamda uning tarkibidagi “Xavfsiz tuman” tizimi, Chilonzor tumanida “Poytaxt tajribasi”ni keng joriy etishda yoʻlga qoʻyilgan xizmat faoliyati bilan tanishtirildi. Har bir rahbar poytaxt tajribasidan namuna olib, mahalla jinoyatchiligini jilovlashda aniq vazifalarni belgilab oldi.
Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalar ijrosi yuzasida sohaviy va hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirokida navbatdagi Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov rahbarligidagi oʻtgan tadbirda Hayʼat aʼzolari, sohaviy xizmatlar va hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari hamda profilaktika inspektorlari ishtirok etdilar.
Hayʼat yigʻilishida asosiy masala sifatida 2026-yilning dastlabki 3 oyida respublika hududidagi kriminogen vaziyat, sodir etilgan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni fosh etish, tashabbus bilan aniqlash hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar muhokama qilindi.
Taʼkidlash joizki, birinchi chorakda oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlarning 83,8 foizi fosh etilib, jabrlangan fuqarolarning haq-huquqlari taʼminlangan. Jinoyatlarni aniqlash koʻrsatkichi esa 37,1 foizga yaxshilanishiga erishilgan.
Shuningdek, Sud va tergov organlaridan yashirinib, javobgarlikdan qochib yurgan qidiruvdagi 2 193 nafar shaxs qoʻlga olingan boʻlsa, bedarak yoʻqolgan 1 187 nafar shaxslarning hayoti xavfli vaziyatlardan saqlab qolindi va oila aʼzolarining bagʻriga qaytarildi.
Yigʻilishda ishtirok etgan masʼullar tomonidan keltirilgan hisobotlarga koʻra uch davomida olib borilgan tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida noqonuniy muomaladagi 872 kg giyohvandlik moddalar va 296 ming 851 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari olinib, 12 ta narkolaboratoriya faoliyatiga chek qoʻyilgan.
Vazirlik tizimida 2026-yil “Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yili” deb belgilanib, oʻtgan uch oy davomida 3 554 ta kiberjinoyat fosh etildi, 1 125 ta jinoyat tashabbus bilan aniqlandi va 5 mingdan ortiq fuqaroga yetkazilgan qariyb 50 mlrd soʻm moddiy zarar qaytarildi.
Tezkor-qidiruv tadbirlari bilan birga mahalla jinoyatchiligini bartaraf etish boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan ilmiy yondashuv samara berayotganligi raqamlarda ham oʻz ifodasini topmoqda. Oʻtgan uch oyda respublikadagi 8 992 ta mahallaning 7 309 tasi (81,3 %) “yashil” toifada qolib, birorta ham jinoyat sodir boʻlmadi, 99 ta tumanda esa birorta “qizil“ toifadagi mahalla qayd etilmadi.
Tadbirda yana bir masala, murojaatlar bilan ishlash natijadorligini oshirishga alohida toʻxtalib oʻtildi. Oʻtgan uch oyda vazirlik tizimiga 100 742 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 68 751 tasi qanoatlantirilgan hamda 11 834 tasi boʻyicha huquqiy tushuntirish berilgan. Hududlarda shaxsiy va sayyor qabullarni shaxsan birinchi rahbarlar tomonidan oʻtkazilishi, har bir murojaat yurtdoshlarimizning muammolarini aks ettirishini toʻliq anglagan holda bu borada tizimli ish faoliyatini yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.
Tobora rivojlanib borayotgan zamonamizni, raqamlashtirish va elektron xizmatlarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Kun tartibidan oʻrin olgan ushbu muhim yoʻnalishga ham jiddiy eʼtibor qaratildi.
Fuqarolarga xizmatlarni qulay, tez va samarali yetkazish, ichki ishlar organlari faoliyatini raqamlashtirish maqsadida vazirlik tomonidan 59 ta davlat xizmati koʻrsatilib, shundan 48 tasi elektron, 11 tasi anʼanaviy tarzda amalga oshirilmoqda. Joriy yilning uch oyida ichki ishlar organlari tomonidan fuqarolarga 1,5 mlnga yaqin davlat xizmatlari elektron tarzda koʻrsatilgan.
Ichki ishlar vaziri tomonidan har bir xodimning xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy rioya qilishi, vatan oldidagi burchini sharaf bilan ado etish zimmasidagi ulkan masʼuliyat ekanligini his etishi, bu borada har bir rahbar avvalo oʻzi namuna boʻlishi zarurligi tushuntirildi.
Tadbir jarayonida xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, aholi hamda safdoshlari tomonidan alohida eʼtirof etilgan bir guruh xodimlar, Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan munosib ragʻbatlantirilgan boʻlsa, faoliyati davomida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan bir qator rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralari koʻrildi.
Hayʼat yigʻilishida jinoyatchilikni bartaraf etish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoʻl harakati va jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda sohani raqamlashtirishda sustkashliklarga yoʻl qoʻyayotgan boʻlinmalar faoliyati keskin tanqid qilinib, masʼullarga zaruriy chora-tadbirlarni oʻz vaqtida koʻrish boʻyicha qatʼiy topshiriqlar berildi.









