IIV Akademiyasida dual taʼlim tizimi imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi
2026-05-02 15:10:00 / Yangiliklar

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan birgalikda tashkil qilingan yigʻilishda masʼul rahbarlar, fakultet va kafedralar boshliqlari, murabbiylar hamda kursantlar qatnashdi.
Akademiya boshligʻi Rustam Xatamov soʻz olib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan dual tizimda oʻqitishning keng yoʻlga qoʻyilgani samarasida ichki ishlar organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonlari ilgʻor yondashuvlar asosida amalga oshirilayotganini alohida taʼkidladi.
Poytaxt tumanlarida tashkil etilayotgan amaliyot jarayonlari kursantlarning nazariy bilimini amaliy koʻnikmalar bilan mustahkamlash, kasbiy moslashishini taʼminlash, yoshlarda tayanch kompetensiyalarni shakllantirishda muhim bosqich boʻlayotganini qayd etdi.
Shuningdek yigʻilishda Toshkent shahar IIBB boshligʻi Ravshan Sultanxodjayev soʻzga chiqib, yangi tizimning afzalliklari, kursantlar erishayotgan natijalarga toʻxtaldi.
Tizimda yetuk salohiyatli yosh kadrlarga ehtiyoj yuqoriligini, dual taʼlimni samarali tashkil etish sohaning faoliyat samaradorligini oshirish bilan birga, istiqboli kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qilishini aytib oʻtdi.
Yigʻilishda nazariya va amaliyot uygʻunligini kuchaytirish, taʼlim sifatini oshirish, amaliy mashgʻulotlarni samarali tashkil etish, yoshlar bilan individual ishlash borasida tegishli vazifalar belgilab olindi.
Amaliyot davrida yuqori natijalarga erishayotgan murabbiylar va kursantlar ragʻbatlantirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati






