IIV Akademiyasida taʼlim jarayonlarida ichki ishlar organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi
2026-05-02 14:05:00 / Yangiliklar

Unda akademiya boshligʻi R.Xatamov, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi R.Sultanxodjayev, shuningdek ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari boshliqlari, fakultet va kafedralar rahbarlari ishtirok etdi.
Ochiq muloqotda ichki ishlar organlari tizimiga tatbiq qilinayotgan zamonaviy yondashuvlar, soha uchun kadrlar tayyorlashning bugungi holati, taʼlim sifatiga qoʻyilayotgan talablar, nazariya va amaliyotni mustahkamlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar organlari tizimi izchil isloh qilinayotgan hozirgi sharoitda taʼlim jarayonini zamon talablari darajasida takomillashtirib borish, kadrlarning kasbiy salohiyatini yanada oshirishda amaliyot organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish dolzarb ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
Muloqotda faoliyatdagi yutuqlar bilan birga, ayrim muammolar ham aytib oʻtildi.
Fakultet, kafedra va ichki ishlar organlari boshliqlari soʻz olib, taʼlim samaradorligini oshirish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi.
Bugungi ehtiyojdan kelib chiqib, oʻquv dasturlarini yangi yoʻnalishlar bilan boyitish, “kursant – oʻqituvchi – amaliyot murabbiyi” tizimi asosida oʻqitish mexanizmlarini takomillashtirish, natijaga yoʻnaltirilgan yondashuvlarni joriy etish, kafedralar va amaliyot organlari oʻrtasida tajriba almashinuvini kuchaytirish, tizimdagi muammolarning ilmiy yechimlarini ishlab chiqishga kelishib olindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati






