Sportni sev, sport bilan yasha! Gʻalaba — mehnat va sabr mevasi
2026-05-01 23:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilish yuksak masʼuliyat va metin intizomni talab etadi. Namangan viloyati IIV Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi xodimi, katta serjant Ikromjon Adashev nafaqat oʻz xizmat vazifasiga sodiqligi, balki sport olamidagi yuksak natijalari bilan ham el nazariga tushgan.
Qoʻl jangi va universal jang sirlarini mukammal oʻrgangan Ikromjon bugun xalqaro toifadagi sport ustasi darajasiga koʻtarildi. 2020-yildan buyon milliy terma jamoa tarkibida yurtimiz sharafini himoya qilib kelmoqda.
Men uchun sport — hayot maktabi. Ringdagi gʻalaba mashq zalidagi mehnat va sabrning mevasidir. Har gal xalqaro musobaqalarda Oʻzbekiston bayrogʻi baland koʻtarilganda, zimmamdagi va Vatanim oldidagi masʼuliyatni yanada chuqurroq his qilaman, — deydi lavhamiz qahramoni.
Ikromjon Adashevning 3 karra Markaziy Osiyo va 2 karra jahon chempioni boʻlishida murabbiysi, IIV “Dinamo” JTSJ viloyat kengashi raisi oʻrinbosari, podpolkovnik Z. Umrzakovning hissasi juda katta. Ustozi haqida gapirganda, sportchi alohida ehtirom bilan toʻxtaladi:
Erishgan har bir muvaffaqiyatimda ustozimning beqiyos xizmatlari bor. Gruziya, Turkiya va Qirgʻiz Respublikasi kabi mamlakatlarda kechgan murakkab janglarda ularning taktik koʻrsatmalari va ruhiy daldasi menga kuch bagʻishladi.
U nafaqat sport sirlarini, balki haqiqiy ofitser boʻlish, yurtni fidoyilarcha sevish fazilatlarini ham singdirib kelmoqda.
Bugun Ikromjon nafaqat ringda raqiblarini magʻlub etmoqda, balki ichki ishlar organlari safida el osoyishtaligini saqlashdek sharafli vazifani ham aʼlo darajada bajarib kelmoqda.
Shunday mard oʻgʻlonlarimiz bor ekan, xalqimiz tinchligi mustahkam, yurtimizning sportdagi dovrugʻi esa hamisha baland boʻlaveradi.
©️ “Postda” gazetasi, Jahongir Toʻxtasinov, Namangan viloyati
