Safaringiz bexatar boʻlsin. «Miskin» bekati posbonlari
2026-04-30 14:50:00 / Yangiliklar

Mamlakat iqtisodiy arteriyasi hisoblangan temiryoʻllarda minglab yoʻlovchilar hamda yuklarning belgilangan manzilga oʻz vaqtida va beshikast yetib borishi tizimdagi tartib-intizom va xavfsizlik choralariga bogʻliq.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi hamda uning tarkibiy boʻlinmalari xodimlari tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat tartibini saqlash hamda yoʻlovchi va yuk poyezdlarining xavfsiz harakatlanishini taʼminlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xodimlar mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, kecha-yu kunduz sergaklik bilan xizmat olib bormoqda.
Boshqarmaning «Miskin» bekatida xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmasi xizmat hududi 172 kilometrni tashkil etadi. Unda 3 ta temiryoʻl vokzali, 6 ta bekat, 1 ta razyezd hamda 17 ta avtomobil va temiryoʻl kesishmalari mavjud.
Joriy yilning oʻtgan 3 oyi davomida boʻlinma xodimlari tomonidan temiryoʻl obyektlarida sodir etilgan turli huquqbuzarliklar boʻyicha 195 nafar fuqaroga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Misol uchun, mart oyida «Xavfsiz va sogʻlom yurt» tezkor-profilaktik tadbiri davomida Urganch temiryoʻl korxonasidan chiqayotgan fuqaro J.B.ga tegishli «Cobalt» rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib, tekshirildi. Tekshiruv jarayonida uning yukxonasida 210 litr dizel yoqilgʻisi hech qanday hujjatlarsiz olib ketilayotgani aniqlandi.
Shuningdek, oʻtgan davrda qidiruvda boʻlgan 1 nafar shaxs qoʻlga olindi. «Profilaktika kuni» doirasida «Xavfsiz hudud», «Yoshlar orasida psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar tarqalishiga qarshi kurashish», «Korrupsiyaga qarshi kurashish» kabi tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Bundan tashqari, «Temiryoʻllarda xavfsiz kun» tadbiri xavfsizlikni taʼminlashning samarali mexanizmiga aylangan. Ushbu jarayonda profilaktika va patrul-post xizmati xodimlari hamkorlikda temiryoʻl izlarini koʻzdan kechirib, yaqin hududlarda yashovchi aholi bilan muloqot olib bormoqda. Bu esa hududda doimiy nazoratni taʼminlab, xavf-xatarlarning oldini olishga xizmat qilmoqda.
— Hududda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash umumiy vazifadir. Shu bois jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida IIB xodimlari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, qoʻriqlash boʻlinmalari hamda temiryoʻl korxonalari xodimlari bilan hamkorlikda xizmat olib borilmoqda, — deydi «Miskin» bekatida XTB boshligʻi, podpolkovnik Baynazar Allamjarov.
Ayrim holatlarda ehtiyotsizlik oqibatida temiryoʻllarda baxtsiz hodisalar yuz berib turadi. Buning oldini olish maqsadida 19 ta ogohlantiruvchi banner oʻrnatilib, aholi oʻrtasida profilaktik tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, «Miskin–Nukus» temiryoʻl peregoni atrofida himoya toʻsiqlari oʻrnatilmoqda.
Azamat Pirniyazov, oʻz muxbirimiz.
«Postda», Qoraqalpogʻiston Respublikasi
