94 mingdan faqat 419 tasi: Ichki ishlar organlari safi yangi avlod kadrlari bilan toʻldirilmoqda
2026-04-30 14:00:00 / Yangiliklar

IIV Malaka oshirish institutida boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik kursini navbatdagi 419 nafar tinglovchi bitirdi.
Oʻquv jarayonlari zamonaviy yondashuv asosida yoʻlga qoʻyilib, nazariya amaliyot bilan uygʻunlashtirildi. Interfaol mashgʻulotlar — bahs-munozara, seminar-trening va amaliy darslar orqali tinglovchilarning bilim va koʻnikmalari mustahkamlandi. Axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish taʼlim sifatini oshirdi.
Tayyorlov davomida kasbiy, huquqiy, jismoniy va psixologik tayyorgarlik kompleks rivojlantirildi. Murakkab vaziyatlar videokeyslar orqali tahlil qilinib, amaliy yechimlar ishlab chiqildi.
Tadbirda ichki ishlar organlarini zamonaviy va professional tizimga aylantirish borasidagi islohotlar taʼkidlanib, bitiruvchilarga xizmatda masʼuliyat va fidoyilik tilandi.
Maʼlumot oʻrnida, 2025-yilda IIOga xizmatga kirish istagida 94 160 nafar yosh roʻyxatdan oʻtdi. Shulardan 2 200 nafari belgilangan sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, saralab olindi. Ularning 419 nafari boshlangʻich tayyorgarlikni yakunlab, hududlarga xizmatga yoʻnaltirildi. Qolgan nomzodlar esa ayni paytda dastlabki oʻquv jarayonlarini davom ettirmoqda.
Eslatib oʻtamiz, IIOga xizmatga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3413-son qarori hamda IIVning 2023-yil 2-noyabrdagi 601-sonli buyrugʻi asosida amalga oshiriladi.
IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti Axborot xizmati







