IIV huzuridagi Tergov departamenti rahbariyati tashabbusi bilan Navoiy viloyati IIBda jinoyat ishlarini yuritishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga bagʻishlangan oʻquv-seminari tashkil etildi
2026-04-30 12:20:00 / Yangiliklar

Mazkur seminar jinoyat ishlarini tamomlashda protsessual muddatlarni belgilash boʻyicha yangicha amaliyotni hayotga tatbiq etish, tergov sifatini oshirish hamda jinoyat ishlarini qisqa muddatda samarali yakunlashni taʼminlash maqsadida oʻtkazildi.
Seminarga Tergov departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik Mansur Sattarov rahbarlik qildi. Unda Navoiy viloyat prokurorining birinchi oʻrinbosari, shahar va tumanlar prokurorlari, ularning sohaviy oʻrinbosarlari, viloyat va hududiy IIO rahbarlari, shuningdek tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi masʼul xodimlar ishtirok etdi.
Seminar davomida ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat ishlarini qisqa muddatlarda tamomlashga qaratilgan “Surxondaryo tajribasi”ni Navoiy viloyatida joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ushbu amaliyotning oʻziga xos jihatlari sifatida tergovga qadar tekshiruvni toʻliq, har tomonlama va sifatli oʻtkazish, ortiqcha protsessual kechikishlarga yoʻl qoʻymaslik, jinoyat ishlarini tezkor va adolatli hal etish kabi yoʻnalishlar alohida taʼkidlandi.
Jarayonda jinoyat-protsessual kodeksi talablariga qatʼiy rioya qilish, ish doirasidagi barcha holatlarni xolisona oʻrganish, dalillarni qonuniy asosda toʻplash va baholash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek tergov jarayonlarini protsessual tartibda toʻgʻri rasmiylashtirish, xodimlarning kasbiy malakasini muntazam oshirib borish va amaliyotga ilgʻor tajribalarni keng joriy etish boʻyicha zarur tavsiyalar berildi.
Qayd etilganidek, mazkur chora-tadbirlar jinoyat ishlarini tezkor, sifatli va qonun talablariga toʻliq muvofiq ravishda tamomlashga xizmat qiladi. Bu esa, oʻz navbatida fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligini oldini olish, sarf-xarajatlarni kamaytirish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati



