Buxoro viloyati IIBda kadrlar masalasi va xizmat intizomi muhokama qilindi
2026-04-30 11:00:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida vakant oʻrinlarni munosib nomzodlar bilan toʻldirish, kadrlar masalasi hamda xizmat intizomini yanada kuchaytirishga qaratilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Tadbirga viloyat IIB boshligʻi rahbarlik qildi. Dastlab xodimlarni hushyorlikka chorlovchi, korrupsion holatlarning ayanchli oqibatlari hayotiy misollar orqali ochib berilgan maxsus videorolik namoyish etildi. Tamagirlik va vakolat doirasidan chetga chiqish kabi illatlarga nisbatan mutlaqo toqatsizlik munosabatini shakllantirish boʻyicha barcha xodimlar qatʼiy ogohlantirildi.
Shundan soʻng, safdor, serjant va ofitserlar qatoridagi boʻsh lavozimlarga koʻzda tutilgan nomzodlarning shaxsiy tarkib boʻyicha buyruq loyihalari muhokama qilindi.
Boshqarma boshligʻi xodimlar bilan bevosita suhbatlashib, oldinda turgan eng muhim va ustuvor vazifalarni koʻrsatib oʻtdi. Ayniqsa, ichki ishlar organlarini xalq dardi bilan yashaydigan chinakam xalqparvar tizimga aylantirish, xodimlarni oʻz kasbiga fidoyilik ruhida tarbiyalash va korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga nisbatan toqatsiz munosabatda boʻlish muhimligi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, yigʻilish davomida xizmat intizomi hamda qonunchilik talablariga rioya etmagan har qanday darajadagi xodim yoxud rahbarlarga nisbatan eng qatʼiy jazo choralari qoʻllanilishi haqida ogohlantirildi. Tizimda yuz beradigan har qanday qonunbuzarlik yoki salbiy holatga favqulodda vaziyat darajasida yondashilishi maʼlum qilindi.
Uchrashuv yakunida yangi tayinlangan yosh kadrlar uchun tizimning maqsad-vazifalari, ularning bevosita xizmat burchlari, jamoat xavfsizligini taʼminlash va aholi bilan muloqot jarayonida yuksak muomala madaniyatiga amal qilish boʻyicha batafsil koʻrsatma hamda tushuntirishlar berib oʻtildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati



