Ot izini toy bosar. Sharafli kasb davomchisi
2026-04-30 08:10:00 / Yangiliklar

Har bir insonning hayot yoʻlida bolalik orzulari alohida oʻrin tutadi. Ayniqsa, ota-onasi kasbiga havas bilan qarab ulgʻaygan farzandlar bolalikdanoq mehnat, masʼuliyat va fidoyilikni oʻz koʻzi bilan koʻrib katta boʻlishadi.
Samarqand viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot guruhi kichik inspektori, safdor Akramjon Tolibov ham otasi — Samarqand shahar IIBda masʼul lavozimda xizmat qilgan mayor Ravshan Hamidovga havas qilib katta boʻldi. Otasining kasbiga masʼuliyat bilan yondashib, baʼzan xizmatdan charchab kech qaytsa-da, yana chaqiriq tufayli ishga chiqib ketganini, tunda ketib, tongda qaytganini oʻz koʻzi bilan koʻrdi. Padari buzrukvorining Vatanimizga bunday sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilgani, uning qalbida otasiga va uning kasbiga nisbatan cheksiz hurmat paydo qildi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
- Otam bugungi kunda isteʼfoda boʻlsa-da, har kuni oʻgit, maslahat va nasihatlar berib turadi. «Bolam, kasbingning mashaqqatli tomonlari koʻp, ularga sabr-toqat qilish kerak. Xizmatga loqaydlik bilan qaramasdan, hushyorlikni bir dam ham yoʻqotmasdan xizmat qilsang, halol va pok ishlasang, hamkasblaring orasida obroʻ topasan, el oldida yuzing yorugʻ boʻladi», — degan soʻzlarini oʻzimga shior qilib olganman, — deydi qahramonimiz. -Baʼzan odamlardan «Otangga rahmat, ukam», — degan gapni eshitganda vujudim titrab ketadi.
Darhaqiqat, uning duosini olganlar, uning izidan borganlar hech qachon kam boʻlishmagan. Safdor Akramjon Tolibovning padari buzrukvori ishonchini oqlash, sharafli oilasi nomiga munosib boʻlish uchun xalqqa sidqidildan xizmat qilayotganini koʻrib, halollik, poklik, fidoyilik singari tuygʻular ham otadan bolaga oʻtar ekan, degan fikrga keldik. Akramjon Tolibov hayoti va xizmati bunga yaqqol misol, desak, sira mubolagʻa boʻlmaydi.
Umida MAMADALIYEVA, oʻz muxbirimiz.
Samarqand viloyati.
