IIV rahbariyati tomonidan Toshkent shahri Mirobod tumanida joylashgan “Qorasuv” hamda “Banokatiy” mahallalarida xavfsiz muhit yaratish boʻyicha amaliy ishlar oʻrganildi
2026-04-29 16:00:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrida xavfsiz muhit yaratish boʻyicha amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Mirzaraximov Baxodir Yuldoshevich tomonidan Mirobod tumanida joylashgan Qorasuv hamda Banokatiy mahallalarida olib borilayotgan ishlar oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida aholi xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish hamda huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlashga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, mahallalardagi aholi gavjum joylardagi holatlar tahlil qilinib, ularda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha mavjud kamchiliklar koʻrib chiqildi.
Mazkur hududlardagi mahalla maskanlari, sport komplekslari, olib borilayotgan qurilish ishlari koʻzdan kechirilib, videokuzatuv tizimlarini kengaytirish, yoritish moslamalarini yaxshilash, xavfsizlik talablariga rioya etilishi yuzasidan ham amaliy choralar belgilandi.
Shu bilan birga, Qorasuv hamda Banokatiy “mahalla yettiligi” — yaʼni mahalla raisi, profilaktika inspektori, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, nuroniylar va boshqa mutasaddilar hamkorligida ishlar samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Ularning aholi bilan yaqin muloqotda boʻlib, muammolarni joyida hal etishi muhim ekani taʼkidlandi.
Tashrif yakunida masʼullarga har bir mahallada xavfsiz muhitni taʼminlash, fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlash boʻyicha aniq vazifalar yuklatildi.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi




