Tadbir. Mahorat dargohi
2026-04-28 23:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti tashkil etilganligiga 5-yil toʻlishi munosabati bilan taʼlim muassasasi rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, soha faxriylari hamda tinglovchilar ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi.
Oʻtgan qisqa davr mobaynida institut ichki ishlar organlari uchun Professional kadrlar tayyorlash va xodimlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish yoʻlida oʻziga xos mahorat maktabiga aylandi.
Institut boshligʻi, polkovnik Olimjon Ahmedov tantanali marosimni ocharkan, taʼlim dargohining boy tarixi, besh yillik faoliyat sarhisobi, tashkil etilgan oʻquv kurslarining statistik tahlili va muassasaning ilmiy salohiyatiga alohida toʻxtaldi.
Shuningdek, xalqaro hamkorlik aloqalari, xodimlarning xorijiy xizmat safarlari, moddiy-texnik bazaning mustahkamlanishi hamda amalga oshirilgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari xususida gapirdi.
Tadbirning eng hayajonli lahzalari institut ravnaqi yoʻlida fidokorona xizmat qilib, taʼlim sifatini oshirishga munosib hissa qoʻshayotgan jamoa vakillarini taqdirlash jarayoni boʻldi.
Ularga maxsus taʼsis etilgan esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir davomida bolim, kafedra va sikl rahbarlari tomonidan taʼlimga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mutaxassislar malakasini oshirish borasida erishilgan yutuqlar aks etgan taqdimotlar namoyish etildi.
IIV Madaniyat saroyi Ashula va raqs ansambli xonandalarining chiqishlari tadbirga oʻzgacha fayz baxsh etdi. Institut tinglovchilari tomonidan ijro etilgan shoʻx raqslar esa yigʻilganlarga xush kayfiyat tuhfa etdi.
Shuningdek, koʻp yillik tajribasi bilan yoshlarga oʻrnak boʻlib kelayotgan soha faxriylari ham eʼtibordan chetda qolmadi — ularga qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi.
©️ “Postda” gazetasi
