Dolzarb mavzu. Narkojinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi kurash yangicha ish uslublari samara beryapti
2026-04-27 18:00:00 / Yangiliklar

Samarqand shahrida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi bilan hamkorlikda “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusida oʻtkazilgan global forum Oʻzbekistonning narkojinoyatlarga qarshi kurashishdagi oʻzgarmas pozitsiyasi va bu yoʻlda hamkorlikni mustahkamlash borasidagi yangi loyihalarining amaliy koʻrinishi boʻldi.
BMT, Interpol, Yevropa Ittifoqi, SHHT, MDH, Jahon bojxona tashkiloti kabi 20 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilot, 50 ga yaqin davlatning huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbarlari, 500 ga yaqin xalqaro ekspertlar va soha mutaxassislari ishtirok etgan ushbu nufuzli xalqaro tadbirda Oʻzbekistonning mintaqadagi murakkab joylashuviga qaramay, narkojinoyatlarga qarshi kurashishdagi dadil qadamlari va erishayotgan ijobiy yutuqlari eʼtirof etildi.
Mamlakatimizda soʻnggi 10-yilda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida yangicha ish uslublari amaliyotga joriy etilayotgani samara beryapti. Nisbatan qisqa muddatda 22 ta qonun hujjati qabul qilindi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2024-yil 6-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy taʼsirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan 2024–2028-yillarga moʻljallangan milliy strategiya tasdiqlandi.
Prezidentimiz 2025-yil 3-noyabr kuni millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda yil boshidan buyon Oʻzbekistonda 11 mingdan ziyod narkojinoyat aniqlanib, 2,5 tonnaga yaqin giyohvandlik vositasi olib qoʻyilgani taʼkidlandi.
Shuningdek, sohadagi salbiy tendensiyalar tahlil qilindi. Jumladan, isteʼmoli yengil, yashirish va tarqatish qulay, dori shaklidagi psixotrop va sintetik moddalar anʼanaviy narkotiklar oʻrnini egallayotgani, ular asosan yoshlar orasida tarqalayotgani, sintetik narkotiklar yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanib, internet orqali kontaktsiz shaklda oʻtkazilayotgani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari oʻsha kunning oʻzida “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Ushbu hujjatdan koʻzlangan maqsad giyohvandlik va uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish orqali aholi, ayniqsa, yoshlar salomatligi hamda millat genofondini samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni belgilashdan iborat edi.
Farmon bilan Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish boʻyicha 2025–2026-yillarga moʻljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi tasdiqlandi. Milliy dasturda 52 ta ustuvor yoʻnalish va ularni bajarishda alohida chora-tadbirlar belgilandi.
Respublikada narkojinoyatchilikka qarshi kurashish yoʻnalishida oʻtkazilayotgan islohotlar natijasida tezkor-qidiruv faoliyati samaradorligi sezilarli darajada oshdi. Jumladan, 2025-yilda huquqni muhofaza qilish organlari oʻtkazgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 15 ming 412 ta narkojinoyat, sintetik giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 14 ta narkolaboratoriya va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qoʻlbola qadoqlovchi sex aniqlandi. Giyohvandlik vositalari savdosini targʻib qiluvchi internet-narkodoʻkon aks ettirilgan 13 ming 170 ta “narkograffit” aniqlanib, yoʻq qilindi.
Narkojinoyat sodir etgan 11 mingdan ortiq shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. Noqonuniy muomaladagi 3 tonna 775 kilogramm giyohvandlik vositasi oʻrnatilgan tartibda yoʻq qilindi. “Qora bozor”dagi taxminiy narxi 14 million dollarga teng 2 million 55 ming donadan ortiq kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi olindi.
Bu jarayonda birinchi oʻrinda profilaktik tadbirlarga alohida ahamiyat berilmoqda. Har yili fevralda “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish” kompleks tezkor-profilaktik tadbiri muntazam oʻtkazilmoqda. Bundan tashqari, sport musobaqalari, tasviriy sanʼat koʻrik-tanlovi, teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari, chellenj, “Quvnoqlar va zukkolar” oʻyini, marafonlar tashkil etildi.
Joriy yil 27-yanvarda boʻlib oʻtgan yigʻilishda narkotiklarga qarshi kurashishda davlat organlari faoliyati tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqilib, qator muhim vazifalar belgilangandi. Xususan, oʻtgan yilda poytaxtda narkotikka ruju qoʻygan 1500 dan ortiq shaxs rasman roʻyxatga olingani, achinarlisi, “soya”da boʻlgan giyohvandlarning soni bundan ham koʻpligi qayd etildi.
Ushbu illatga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida bundan buyon “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish” kompleks tezkor-profilaktik tadbiri yil davomida 3 bosqichda tashkil etilishi belgilandi. Uning birinchi bosqichi joriy yil fevralida oʻtkazildi. Tadbir davomida taʼlim tashkilotlari, korxona-tashkilotlar hamda mahallalarda taniqli, obroʻ-eʼtiborga ega shaxslar ishtirokida uchrashuv va davra suhbatlari uyushtirildi. Mahallalardagi uyushmagan yoshlar, bemaqsad va ishsiz yurganlar hamda muqaddam sudlanganlardan 640 nafarining bandligi taʼminlandi.
Asr vabosiga qarshi kurashishda keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar ham samara bermoqda. Xususan, “Qora dori — 2025” tadbiri davomida tarkibida giyohvandlik vositalari boʻlgan ekinlarni yetishtirish bilan bogʻliq 1500 ga yaqin jinoyat aniqlandi. Bu holat yil davomida aniqlangan ushbu turdagi jinoyatlarning 70 foizini tashkil etdi. Qariyb 27 ming kvadrat metr maydonda yetishtirilayotgan giyohvandlik oʻsimliklari yoʻq qilindi. Shuningdek, zahriqotilni ikki mingga yaqin oʻtkazish, ikki mingdan ortiq saqlash, 172 ta kontrabanda qilish jinoyati fosh etildi.
Ayni paytda aholi orasida giyohvandlik illati tarqalishiga qarshi kurashishga yangicha yondashilmoqda. Avvalo, ushbu tizimning moddiy-texnik bazasi, ayniqsa, ekspert-kriminalistika sohasi takomillashtirilmoqda, jinoyat qidiruv xodimlari zamonaviy tezkor tekshirish moslamalari bilan taʼminlanmoqda. Tizimni raqamlashtirish yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Internetda giyohvandlik vositalari tarqatilishini sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida aniqlash va bloklashga moʻljallangan maxsus dasturlar, maʼlumotlar bazasi ishlab chiqilmoqda.
Barcha sohaviy xizmatlar xodimlari, ayniqsa, taʼlim tashkilotlari inspektor-psixologlarining narkovaziyat va narkojinoyatchilik yoʻnalishida malakasini muntazam oshirib borish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Ichki ishlar organlari tuzilmalarida prekursorlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish tizimi faoliyati tashkil etildi.
Yirik miqdordagi narkojinoyatlar, xususan, narkolaboratoriyalarni aniqlagan fuqarolar munosib ragʻbatlantirilmoqda. Jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar hamda probatsiya va profilaktik hisobda turgan shaxslarga yakka tartibda tezkor-profilaktik chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Oʻquvchi va talabalar oʻrtasida giyohvandlik hamda narkojinoyatlarning oldini olishning yangi tizimi joriy etilmoqda. Jumladan, maxsus otryadlar va patrullar tashkil etilib, ichki ishlar organlariga xabar berish tizimi takomillashtirilmoqda.
Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish va narkotiklarga qaramlikning oldini olish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Ushbu yoʻnalishda ichki ishlar organlari salmoqli natijalarga erishmoqda. Bu borada nafaqat huquqni muhofaza qilish idoralari, balki tibbiy va ijtimoiy jihatlarni qamrab olgan kompleks yondashuv joriy etilmoqda.
Botir Qudratxoʻjayev, Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari
“Yangi Oʻzbekiston” ijtimoiy-siyosiy gazetasi
